2019 yildan buyon Suriya, Iroq va Afg‘onistondan 531 nafar repatriant O‘zbekistonga qaytarildi – Botir Tursunov
Jamiyat
−
04 Sentabr
9495Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan SHHT va MDH tuzilmalari ishtirokidagi xalqaro konferensiyasida Davlat xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Botir Tursunov nutq so‘zladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Botir Tursunovning so‘zlariga ko‘ra, mustaqil taraqqiyot yillarida dunyoning boshqa mamlakatlari qatorida O‘zbekiston ham terrorizm va ekstremizmning turli shakllariga duch kelgan.
“Xavfsizlikning bu tahdidlariga qarshi kurashish bizga bu sohada milliy andozani shakllantirish imkonini berdi. Ayni paytda, terrorizm va ekstremizmga qarshi yondashuvimiz takomillashmoqda, biz yangi chaqiriq va tahdidlarga moslashyapmiz”, degan DXX raisi o‘rinbosari.
Qayd etilishicha, 2021-2026 yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasining qabul qilinishi bu borada burilish bo‘lgan.
“Ekstremistik g‘oyalarning sobiq va salohiyatli tarafdorlari bilan ijtimoiy va psixologik ishlash, ularni o‘qitish, ish bilan ta’minlash, umuman, o‘z qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday o‘zgarish va yondashuv yuksak natijalarni berib, xalqaro miqyosda e’tirofga sazovor bo‘lmoqda”, deya ta’kidlagan general-mayor Tursunov.
Bundan tashqari, DXX rasmiysi “Mehr” operatsiyalari doirasida urush nuqtalaridan olib kelingan fuqarolarning ayrimlari zamonaviy turmush tarzida, ayrimlari esa an’anaviy Islom diniga e’tiqod qilishini ma’lum qilgan.
“2019 yildan buyon 5 ta “Mehr” gumanitar aksiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg‘onistondan 531 nafar repatriant O‘zbekistonga qaytarildi. Ularga ijtimoiy, tibbiy va boshqa yordamlar ko‘rsatildi. Natijada, bugungi kunda repatriantlarning 90,2 foizi zamonaviy turmush tarzini olib bormoqda, 9,8 foizi an’anaviy islom diniga e’tiqod qiladi”, deydi DXX raisi o‘rinbosari Botir Tursunov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq konferensiyada DXX raisi general-leytenant Abdusalom Azizov ham so‘zga chiqib, “Xuroson viloyati”ga qarshi kurashda Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish muhimligini aytgandi.
LiveBarchasi