Afg‘on urushida qatnashgan general o‘lik holda topildi

Olam

image

Kecha, 20 avgust kuni Rossiya poytaxti Moskvada Federal xavfsizlik xizmatining iste’fodagi general-mayori Igor Laptevning jasadi topildi. Bu haqda “The Insider” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Moskvada avval Rossiya soliqlar va yig‘imlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan FXXning 83 yoshli iste’fodagi general-mayori Igor Laptevning jasadi topilgan. Rossiya OAVlari ma’lumotlariga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan.

Laptevning jasadi kecha, 20 avgust kuni kunduzi Verxnyaya Krasnoselskaya ko‘chasidagi uyda joylashgan xonadonida topilgan. “Moskovskiy komsomolets” uning o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar bermoqda, “Delovoy Peterburg” esa o‘limga o‘qotar quroldan yetkazilgan jarohat sabab bo‘lganini yozyapti. O‘lim oldi xati mavjudligi va ehtimoliy sabablar haqida ma’lum qilinmagan.

Ma’lumot uchun, Igor Laptev 1942 yilda tug‘ilgan va Mendeleyev nomidagi Moskva kimyo-texnologiya institutida muhandis-kimyogar-texnolog mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan. Keyinchalik davlat xavfsizligi organlarida xizmatga kirgan va KGBdagi faoliyati davomida Afg‘onistondagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan.

Keyinchalik Laptev KGB, FXX va soliq politsiyasida ishlagan, u yerda axborot xavfsizligi va idoraviy boshqaruv tizimlarini yaratish masalalari bilan shug‘ullangan. 1990-yillarning oxirida Rossiya soliqlar va yig‘imlar vazirining o‘rinbosari bo‘lgan hamda 1-rangli davlat soliq xizmati maslahatchisi unvoniga ega bo‘lgan. 

1998 yildan boshlab Laptev “Informtexnika i svyaz” kompaniyasi direktorlar kengashiga boshchilik qilgan, u keyinchalik “Informtexnika” kompaniyalar guruhi tarkibiga kirgan. Kompaniya telekommunikatsiya tizimlari va uskunalari, jumladan maxsus aloqa tizimlarini ishlab chiqadi. Kompaniya mahsulotlari Rossiya kuch tuzilmalariga, jumladan FXX, FQX, Mudofaa vazirligi va IIVga yetkazib berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada so‘nggi ikki yil ichida kamida olti nafar yuqori martabali general suiqasd nishoniga aylangani haqida xabar berilgan edi. Ulardan uch nafari portlashlar oqibatida halok bo‘lgan, yana biriga qurolli hujum uyushtirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing