Putin ishongan general urushda halok bo‘ldi

Olam

image

Rossiya armiyasidagi 4-alohida motoo‘qchilar brigadasiga qo‘mondonlik qilgan general-mayor Anton Grunis urushda halok bo‘ldi. Bu haqda “Axmat” maxsus kuchlari qo‘mondoni Apti Alaudinov va Suvorov bilim yurti bitiruvchilarining “Suvorovskoye bratstvo” Telegram-kanali xabar berdi.

Grunisning aynan qanday halok bo‘lgani hozircha noma’lum. “Vajniye istorii”ning yozishicha, sizdirilgan ma’lumotlarga qaraganda, u Lugansk viloyatining okkupatsiya qilingan qismidagi Alchevsk shahriga biriktirilgan bo‘lgan. Uning o‘limi haqidagi xabarlardan bir necha kun oldin, joriy yilning 13 sentyabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari ushbu shahardagi ob’ektlarga zarba bergan. Ukraina tomoni ta’minot ombori hamda rossiyalik harbiylar qurol va texnika saqlagan joy yo‘q qilinganini ma’lum qilgan. “Exilenova+” monitoring kanali ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shanda Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) Alchevsk yaqinidagi Karpati qishlog‘ida joylashgan texnikaga hujum qilgan. Grunisning o‘limi ushbu zarbalar bilan bog‘liqmi-yo‘qmi, noma’lum.

Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishdan oldin Grunis Rossiyaning Checheniston, Gruziya va Suriyadagi harbiy kampaniyalarida, shuningdek, Qrimning anneksiya qilinishida ishtirok etgan.

Oxirgi vaqtlarda u Donetsk viloyatidagi Konstantinovkaga hujum qilayotgan brigadaga qo‘mondonlik qilayotgan bo‘lgan. Iyul oyida Grunis Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga shahar egallangani haqida hisobot bergan, bir oy o‘tib esa Rossiya Qahramoni unvonini olgan.

Biroq Konstantinovka to‘liq Rossiya nazoratiga o‘tgani yo‘q. “Black Bird Group OSINT” loyihasi va Urushni o‘rganish instituti (ISW) shahar hududida janglar davom etayotganini qayd etmoqda. Rossiyaning urushparast “Ribar” kanali ham Ukraina pozitsiyalari u keng “kulrang hudud” deb belgilagan hududda saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saratov viloyatining Engels shahrida noma’lum shaxs Rossiya Fazo-kosmik kuchlari (FKK) zobitiga suiqasd qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing