Mehnat vazirligi karantin vaqtida ota-onalarni ishdan ozod qilish bo‘yicha izoh berdi

Bu qiziq

image
Bog‘chada karantin bo‘lganda ota-ona ishdan ozod qilinadimi? north_east

Bog‘chada karantin bo‘lganda ota-ona ishdan ozod qilinadimi?

Avvalroq, O‘zbekistonga koronavirus kirib kelgani sababli maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ikki haftalik karantin e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bunday vaziyatlarda tarbiyalanuvchilarning ota-onalariga ta’tillar berilishi tartibi yuzasidan qator savollar kelib tushayotganini ma’lum qildi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, ota-onalar karantin sabab maktabgacha ta’lim muassasiga bora olmayotgan, belgilangan muddatdan vaqtli ta’tilga chiqqan o‘quvchi-farzandlariga qarovni amalga oshirish ularning mehnat munosabatlariga qay tarzda ta’sir o‘tkazishi, bunda ularga imtiyozlar berish-berilmasligi bilan qiziqqan. 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yuzaga kelayotgan holatlar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qildi. 

Farzandi maktabgacha ta’lim muassasi tarbiyalanuvchi yoxud boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bo‘lgan, ishlaydigan ona yoki otaga ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, foydalanilmagan yillik mehnat ta’tili (Mehnat kodeksi 133-modda) ta’tillar jadvalidan qat’iy nazar beriladi. 

Agar xodim yillik mehnat ta’tilidan avval foydalangan bo‘lsa yoki karantin tadbirlari o‘tkazilayotgan davrda yillik mehnat ta’tilidan foydalanish istagini bildirmasa, yoki birinchi ish yilida yillik mehnat ta’tilini olish uchun zarur bo‘lgan ish staji (olti oydan kam bo‘lmagan mehnat faoliyati)ga ega bo‘lmasa, (Mehnat kodeksi 143, 144-modda) ish beruvchi tomonidan xodimlarga ularning roziligi bilan ish haqi saqlanmagan holda ta’til beriladi (Mehnat kodeksi 150-modda) yoki ular ish vaqti to‘liq bo‘lmagan (Mehnat kodeksi 119-modda) ishga o‘tkaziladi. Bunda ishlangan ish vaqtiga mutanosib ravishda ish haqi to‘lanadi.

Shuningdek karantin tadbirlari davrida ish beruvchi xodim (ayniqsa homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar, surunkali kasalliklarga chalingan shaxslar)ni ularning roziligi bilan masofaviy (distansion) mehnat va kasanachilik asosidagi mehnatga o‘tkazishi mumkin.

Bunda xodim tomonidan masofaviy mehnat doimiy ish joyidan tashqarida, texnik vositalar (kompyuter, aloqa vositalari, shu jumladan Internetga ulanish va h.k.) mavjud bo‘lgan taqdirda elektron hujjatlar almashinuvidan foydalangan holda yo‘lga qo‘yiladi. Kasanachilik asosidagi mehnat esa qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining masofaviy ta’lim jarayoniga jalb etilgan xodimlar, shuningdek, karantin choralari davrida ta’lim tashkilotlarining ishlashini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xodimlarning ish haqi saqlanib qolinadi.

Ta’lim muassasalarining boshqa xodimlariga mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda yillik mehnat ta’tili yoki ish haqi saqlanmagan holdagi ta’til beriladi, yoki ish vaqti to‘liq bo‘lmagan ishga o‘tkaziladi.

"Yuqoridagi holatlarning bari ish beruvchi hamda xodimning o‘zaro kelishuvi asosida amalga oshiriladi", deya qo‘shimcha qilgan vazirlik.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat kecha, 15 mart kuni soat 06:00 da qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan bemor – oliy toifali shifokor  11 mart kuni Fransiyadan qaytgan bo‘lgan. Mamlakatdagi qolgan 5 bemorning 4 nafari birinchi bemorning yaqin qarindoshlari. Bir nafar bemor esa kecha, 15 mart kuni soat 05:15 Istanbul-Toshkent reysida Turkiyadan O‘zbekistonga kelgan.

Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 170 002 kishi koronavirusga chalingan. Shundan, 6524 nafar bemor vafot etgan, 77 778 nafar bemor xastalikdan forig‘ bo‘lgan.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.


Maqola muallifi

Teglar

karantin koronavirus

Baholaganlar

191

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing