Ozarbayjonda maxsus karantin rejimi uzaytirildi
Olam
−
15:32 2461 1 daqiqa
Ozarbayjonda koronavirus (COVID-19) sababli joriy etilgan maxsus karantin rejimi 2026 yil 1 iyul soat 06:00 gacha uzaytirildi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Ali Asadov joriy yilning 16 mart kuni tegishli qarorni imzoladi.
Hujjatda qayd etilishicha, bu choralar COVID-19 infeksiyasining mamlakatda tarqalishining oldini olish hamda uning ehtimoliy salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida joriy etilgan.
Mazkur karantin doirasida Ozarbayjonning quruqlik chegaralarida xorijiy davlatlarga kirib-chiqish bo‘yicha cheklovlar hanuz saqlanib qolmoqda.
Ayrim muxolifat vakillari pandemiya allaqachon yakunlanganiga qaramay, bu cheklovlarning davom etishini hukumatning siyosiy va iqtisodiy manfaatlari bilan izohlagan. Rasmiylar esa chegaralardagi cheklovlarni asosan xavfsizlik omillari bilan bog‘lagan.
Bosh vazir 13 mart kuni parlamentdagi chiqishida mintaqadagi so‘nggi voqealar Ozarbayjon quruqlik chegaralarini yopiq holda saqlash qarori qanchalik asosli va zarur ekanini ko‘rsatganini aytgan. Ammo u bugungi qarorida karantin muddatini uzaytirishni aynan koronavirus bilan bog‘lagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus mamlakatlarni kelajakdagi pandemiyalarga tayyorgarlikni kuchaytirish va global hamkorlikni mustahkamlashga ko‘proq e’tibor qaratishga chaqirgandi.