MDH yetakchilari yangi jahon urushini boshlashga urinishlarni to‘xtatishga chaqirdi
Olam
−
08 Oktabr
11285Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlat rahbarlari fashizm, natsizm, militarizmning qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka, yangi jahon urushini boshlashga urinishlarni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda bugun, 8 oktyabr kuni Moskvada o‘tgan MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida qabul qilingan “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlarining 1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushidagi sovet xalqining G‘alabasining 80 yilligi munosabati bilan Hamdo‘stlik mamlakatlari xalqlari va jahon hamjamiyatiga Murojaatnomasi”da so‘z boradi.
“Biz urushning haqiqiy aybdorlarini oqlash, natsizm ustidan g‘alaba qozonishda xalqlarimizning rolini pasaytirish, Gitler jallodlarining sheriklarini, Gitlerga qarshi koalitsiyaga qarshi kurashgan, natsistlar harakati bilan hamkorlik qilgan va urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlarni reabilitatsiya qilish istagini keskin qoralaymiz”, deyiladi murojaatda.
Shuningdek, MDH davlatlari rahbarlari Hamdo‘stlik mamlakatlari xalqi va jahon hamjamiyatini tarixni soxtalashtirishni qoralashga va oldini olishga chaqirgan.
“Biz Ikkinchi jahon urushi davrida natsizmga qarshi kurashganlar sharafiga o‘rnatilgan yodgorliklarni qasddan tahqirlash yoki buzishga urinishlar va hodisalar soni ortib borayotganidan chuqur tashvish bildiramiz va qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, yodgorlik va qabrlarni hurmat qilishga, ularga to‘siqlarsiz kirishni ta’minlashga, buzg‘unchilik va vayronagarchilik harakatlarining oldini olishga chaqiramiz”, deyiladi hujjatda.
MDH davlat rahbarlari BMT Bosh Assambleyasining “Irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va ular bilan bog‘liq murosasizlikning zamonaviy shakllarining kuchayishiga yordam beruvchi natsizm, neonatsizm va boshqa amaliyotlarni ulug‘lashga qarshi kurash” rezolyutsiyasini olqishlashini hamda irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning maqsad va tamoyillariga sodiqligini bildirdi.
“Biz ushbu muhim hujjatlarning keng qo‘llab-quvvatlanayotganini xalqaro hamjamiyatning o‘tmishdagi fojiali xatolar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va kelajakni birlashtiruvchi tamoyillar asosida qurish qat’iyatining tasdig‘i deb bilamiz”, deyiladi hujjatda.
Ma’lumot uchun, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tgan sammitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi rezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, shuningdek, MDH bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi. Kun tartibiga muvofiq, ko‘p qirrali munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, MDH doirasidagi amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur sammitda 14 ta hujjat imzolangani xabar qilingandi. Shuningdek, Putin Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining barcha davlatlari umumiy tarix xotirasini saqlash va uni soxtalashtirishning oldini olish muhimligini tushunishini ta’kidladi.