Shavkat Mirziyoyev MDHga raislikning ustuvor yo‘nalishlarini aytdi
Jamiyat
−
15:45 557 4 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning 2027 yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raisligi davrida ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladigan yo‘nalishlarni bayon qildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev bugun, 9 oktyabr kuni kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sammiti majlisida so‘z ochdi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sammiti majlisning faxriy mehmoni – Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etgan.
O‘zbekiston rahbari raislik to‘g‘risidagi qaror qo‘llab-quvvatlangani va umumiy ishga hissa qo‘shish, yangi g‘oyalarni taklif etish va bugungi kunda Hamdo‘stlik mamlakatlari uchun chindan ham muhim bo‘lgan yo‘nalishlarni birgalikda rivojlantirish imkoniyati uchun barcha hamkasblariga minnatdorlik bildirgan.
“Biz kelgusi yili aniq va sezilarli natija beradigan masalalarni e’tibor markaziga qo‘yish niyatidamiz. Bular – iqtisodiyot, yangi texnologiyalar, transport, xavfsizlik, ta’lim, ilm-fan va inson salohiyatini rivojlantirishdir”, deydi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu yondashuv O‘zbekistonning raisligi uchun belgilangan “MDH – ishonch va umumiy taraqqiyot makoni” degan shiorda o‘z ifodasini topgan.
Ayni paytda Raislik konsepsiyasi va tadbirlar rejasini ishlab chiqish ishlari yakunlanmoqda. Ularda yuzdan ortiq aniq tadbirni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston raisligi davridagi ustuvor yo‘nalishlar va amaliy hamkorlik mexanizmlari taqdim etilgan.
Hamdo‘stlik doirasidagi siyosiy muloqotga alohida e’tibor qaratiladi.
“Bugun, dunyoda vaziyat tobora murakkablashib borayotgan bir paytda har qanday masalani xotirjam muhokama qilish, bir-birimizni tinglash hamda barchamizga maqbul bo‘lgan yechimlarni izlash imkoniyatini saqlab qolish o‘ta muhimdir”, deydi davlat rahbari.
MDH mamlakatlari salmoqli ishlab chiqarish salohiyati, resurslar, texnologiyalar va bozorlarga ega ekanini inobatga olib, iqtisodiyot sohasida asosiy e’tiborni sanoat kooperatsiyasiga qaratish taklif etilgan.
“Agar bu salohiyatimizni birlashtirsak, qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratsak va barqaror yetkazib berish zanjirlarini yo‘lga qo‘ysak, barcha ishtirokchilar uchun natija yanada sezilarli bo‘ladi”, deydi Prezident.
Bu borada mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-sotiqqa xalaqit berib kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq yo‘nalishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bunda faqat hozirning o‘zida ham yaxshi rivojlangan sohalar bilan cheklanib qolmaslik muhimligi ta’kidlangan.
“Oldinga qadam tashlash va yaqin yillarda mamlakatlarimiz iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirish bilan bog‘liq bo‘ladigan sohalarda birgalikda ishlash zarur. Bu o‘rinda so‘z muhim minerallar, sun’iy intellekt, robotlashtirish, yangi materiallar va zamonaviy energetika texnologiyalari sohalari haqida bormoqda. Aynan shu sohalar bugungi kunda o‘z kompetensiyalarimiz hamda qo‘shma loyihalarni yaratgan holda, ortda qolib ketmasligimiz muhim bo‘lgan yo‘nalishlardir”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Raislikning yana bir ustuvor yo‘nalishi sifatida transport sohasi belgilangan. Markaziy Osiyo Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi muhim transport tuguniga aylanib borayotgani ta’kidlangan.
“Biz ushbu imkoniyatlardan to‘liq foydalanishimiz kerak. Buning uchun tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish hamda qulay, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan manfaatli bo‘lgan yo‘nalishlarni yaratish muhimdir”, deydi davlat rahbari.
O‘zbekiston raisligi davrida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash ham hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
“Biz MDHning sohaviy organlari ishini va mamlakatlarimizning umumiy tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu o‘rinda so‘z terrorizm, ekstremizm va kiberjinoyatchilik haqida bormoqda. Bu tahdidlarning barchasi allaqachon alohida davlatlar chegarasidan chiqib ketgan”, deydi davlat rahbari.
Bugungi kunda oddiy fuqarolar, biznes vakillari, banklar, davlat tizimlariga bevosita daxl qilib, tez kuchayib borayotgan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratiladi.
Eng ustuvor yo‘nalish sifatida insonlar o‘rtasidagi aloqalar ko‘rsatib o‘tilgan. Aynan mana shu rishtalar ko‘p jihatdan davlatlararo munosabatlarning barqarorligini belgilaydi.
Talabalar, yosh mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar va ijodiy kasb egalarining o‘zaro muloqot qilish, bir-biridan o‘rganishi hamda birgalikda ishlashi uchun mavjud imkoniyatlarni kengaytirish muhimligi ta’kidlangan.
“Butun faoliyatimiz markazida inson, uning qadr-qimmati, manfaat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish turishi kerak. Faqat ana shundagina MDH ta’lim olish, mehnat qilish, yangi loyihalar yaratish, sheriklar topish va o‘z kelajagini qurish mumkin bo‘lgan makon sifatida qabul qilinadi”, deya alohida ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.
Yakunda O‘zbekistonning MDHga raisligi davrida o‘z samaradorligini isbotlagan barcha yutuqlarni saqlab qolish va shu bilan birga, bugungi kunda yangi yechimlar topish zarur bo‘layotgan yo‘nalishlar rivojiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlash qat’iy maqsad qilingani ta’kidlangan.
O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga samimiy mehmondo‘stlik va sammitni yuksak saviyada tashkil etgani uchun chin dildan minnatdorlik bildirgan.
Sammit yakunlari bo‘yicha MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga oid bitim va qarorlar to‘plami imzolangan.
Live
Barchasi