MDH yoshlari ichida rus tili targ‘ib qilinadi

Olam

image

MDH davlatlari yoshlarni rus tilini o‘rganish va undan keng foydalanishga targ‘ib qiladi. Bu haqda Hamdo‘stlik Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shma bayonotda so‘z borgan.

“Yoshlarning rus tilini o‘rganish va undan foydalanishga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirish, uni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratiladi”, deyiladi hujjatda. 

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu targ‘ibot rus tilini o‘qitish sifatini yaxshilash, shu jumladan, xalqaro ta’lim loyihalarini yo‘lga qo‘yish, rus tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish, shuningdek, tegishli tanlovlarni o‘tkazish orqali qo‘llab-quvvatlanadi.

Hujjatda qayd etilganidek, MDH a’zolari rus tilining iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ilmiy sohalarda qo‘llanilishini kengaytirish tarafdori bo‘lib, Hamdo‘stlik mamlakatlari keng aholisi orasida uning jozibadorligini oshirish va ommalashtirish uchun birgalikda sa’y-harakatlarni amalga oshiradi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 oktyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari sammitida rus tili Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida millatlararo til sifatida tan olindi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mazkur sammitga kelar ekan, Rossiyaning maqsadlaridan biri aynan mana shu ekanini yashirmagan. U 12 oktyabr kuni, hali sammit boshlanmasidanoq MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida rus tilining maqomini oshirishni muhokama qilgan edi.

Ma’lumot uchun, 2022 yilning 14 oktyabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi shafeligida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev rus tilini qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzishni taklif qilgandi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin MDH Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida aytib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

MDH rus tili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing