Majburiy mehnatga qarshi kurashish uchun milliy komissiya tuziladi
Jamiyat
−
31 iyul 2019
4032O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani haqida xabar bergan edik.
Farmonga muvofiq odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Milliy komissiya) etib qayta tashkil qilinadi va uning tarkibi tasdiqlanadi.
Farmon bilan belgilandiki, Milliy komissiya:
a) Milliy komissiya raisining o‘rinbosari hisoblanadigan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri rahbarlik qiladigan Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyadan;
b) Milliy komissiya raisining o‘rinbosari hisoblanadigan O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarlik qiladigan Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyadan iborat bo‘ladi.
Quyidagilar Milliy komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi:
• davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini, yaqin hamkorligi va bahamjihat ishlashlarini ta’minlash maqsadida ularning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
• milliy qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish maqsadida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish;
• odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish, oldini olish va ularga chek qo‘yish amaliyotini o‘rganish;
• odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida samarali xalqaro hamkorlik va bahamjihat harakatni tashkil etish, shuningdek, mazkur sohada axborotlarni yig‘ish, tahlil qilish va ma’ruzalar tayyorlash.
Milliy komissiya bir oy muddatda:
• Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiya to‘g‘risidagi nizomni;
• Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiya to‘g‘risidagi nizomni;
• 2019-2020 yillarda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”)ni ishlab chiqsin va tasdiqlaydi.
LiveBarchasi