Maymunchechakka qarshi vaksina JSST kvalifikatsiyasidan o‘tdi
Salomatlik
−
14 Sentabr
1139Maymunchechakka qarshi vaksina Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining dastlabki kvalifikatsiyasidan o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Daniyaning Bavarian Nordic A/S kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan MVA-BN vaksinasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dastlabki kvalifikatsiyasidan o‘tgan maymunchechakka qarshi birinchi emlash vositasi bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, mazkur vaksina 18 yoshdan oshgan insonlarga mo‘ljallangan. Uni to‘rt haftalik tanaffus bilan, ikki dozada, in’eksiya tarzida qabul qilish mumkin.
Emlash vositasini muzlatkichda saqlash belgilangan. Tashqi muhitda esa vaksina 2-8 daraja iliq haroratda sakkiz haftagacha o‘z ta’sir kuchini yo‘qotmaydi.
Ma’lumot uchun, maymunchechak kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, immuniteti zaif odamlar uchun xavfli hisoblanadi. Uning alomatlari isitma, intoksikatsiya, kengaygan limfa tugunlari va toshmalar tarqalishi bilan bilinadi. Yengil holatlarda kasallik o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi va 14 dan 21 kungacha davom etadi. 2024 yil boshidan 9 avgustgacha Afrikada maymunchechak bilan bog‘liq 17,5 mingdan ortiq holat qayd etilgan, ulardan 517 nafari o‘lim bilan yakunlangan. M-pox (maymunchechak) virusi so‘nggi oylarda yana global xavf omiliga aylangach, avgust o‘rtalarida ushbu epidemiya Afrika mintaqasida favqulodda holat deb e’lon qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, Yevropada kasallik faqat Shvetsiyada tasdiqlangan. Osiyo mamlakatlari orasida Pokiston, Filippin,Tailand va Hindiston virus aniqlangan mamlakatlar ro‘yxatidan joy olgan. Avvalroq Marokashda ham maymunchechakning birinchi holati aniqlangandi.
LiveBarchasi