Maymunchechakka chalinganlar 18 mingdan ortdi – JSST
Olam
−
27 iyul 2022
3769Bugungi kunga qadar dunyoda maymunchechak bilan kasallanishning 18 mingdan ortiq holatlari aniqlangan. Bu haqda bugun, 27 iyul kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus brifingda ma’lum qildi.
“Hozirgi kunga qadar 78 ta davlatda 18 000 dan ortiq holat aniqlangan. 70 foizdan ortig‘i Yevropada, 25 foizi Amerika qit’asida qayd etilgan”, deydi JSST direktori.
Ta’kidlanishicha, hozirgacha ushbu kasallikdan 5 ta o‘lim holati aniqlangan.
JSST rahbariga ko‘ra, agar infeksiya xavfi jiddiy qabul qilinsa, aholi xabardor qilinsa va eng zaif guruhlarni himoya qilish choralari ko‘rilsa, bu epidemiyani to‘xtatish mumkin.
“JSST maymunchechak bilan kasallanganlar bilan aloqada bo‘lgan, shuningdek, infeksiya xavfi yuqori bo‘lgan shaxslarni, jumladan, tibbiyot xodimlarini, ayrim laboratoriya xodimlarini va bir nechta jinsiy sheriklari bo‘lgan shaxslarni maqsadli emlashni tavsiya qiladi. Bu safar biz maymunchechakka qarshi ommaviy emlashni tavsiya etmaymiz”, deydi tashkilot rahbari.
Ma’lumot uchun, maymunchechak kamdan-kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, asosan tropik o‘rmonlar yaqinida joylashgan markaziy va g‘arbiy Afrikaning chekka hududlarida kuzatiladi. Ushbu kasallikni hayvonlardan odamlarga yuqtirishning birinchi holati 1970 yilda Kongo Demokratik Respublikasi hududida qayd etilgan. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, virus odamlarga kemiruvchilar va primatlar kabi yovvoyi hayvonlardan yuqadi va uning odamdan odamga yuqishi orqali ikkilamchi tarqalishi cheklangan. Odatda, maymunchechak epidemiyasi uchun o‘lim darajasi 1% dan 10% gacha. O‘limning aksariyati yosh guruhlarda sodir bo‘ladi. Maymunchechakka qarshi maxsus emlash mavjud emas, ammo chechakka qarshi emlash bu kasallikdan 85% darajada himoya qiladi.
LiveBarchasi