May apreldan og‘irroq keladimi? Inqiroz boshlandimi? So‘z Qo‘chqorovga

Jamiyat

Koronavirus pandemiyasi ortidan kelayotgan inqiroz 2008 yilgi moliyaviy inqirozdan ham kuchliroq bo‘lishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari –  Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov “Hoshimov iqtisodiyoti” loyihasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

“O‘zbekiston iqtisodiyoti ham dunyo iqtisodiyotidan ajralib qolgan, avtonomiya holatidagi iqtisodiyot emas. Bizning tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha ko‘rsatkichlarimiz YAIMda (yalpi ichki mahsulot) katta raqamlarni tashkil etadi. Shu sababli, biz koronavirus ta’sirini milliy iqtisodiyotda sezmay ilojimiz yo‘q.

•    2019 yil tashqi savdo aylanmasi – 42,2 milliard dollar,
•    2019 yil yalpi ichki mahsulot – 58,3 milliard dollar

Koronavirus pandemiyasi iqtisodiyotimizga mart oyining o‘rtalaridan boshlab ta’sirini ko‘rsata boshladi. Bu kasallik Xitoyda boshlanganidan so‘ng deyish mumkin. O‘zi qo‘shilgan qiymat zanjiri degan nazariya bor. Bizning biznes vakillariga kerak bo‘lgan Xitoyda ishlab chiqarilgan asbob-uskunalar karantin tufayli olib kelinmadi. Lekin mart oyida faqat ma’lum doiradagina sezildi. 

Hozirgi vaziyat hech qaysi davrga o‘xshamagan inqiroz deyish mumkin. Avvalari moliyaviy inqiroz, talab inqirozi yoki bank inqiroziga guvohi bo‘lganmiz. Hozirgi vaziyatda talab ham, taklif ham qiyin holatda. Chunki hozir bor narsani ham sotib ololmaymiz. Bu 2008 yilgi moliyaviy inqirozga ham, 1997 yilgi qarz inqiroziga ham o‘xshamaydi. Bu inqirozlar bugungi inqiroz oldida cheklangan va kichkina inqiroz bo‘lib ko‘rinmoqda”, deydi Qo‘chqorov.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri karantin sabab zarar ko‘rayotgan ayrim sohalar haqida gapirdi.  

“Mart oyidan karantin bilan bog‘liq choralar qo‘llanila boshladi. Albatta, bu iqtisodiyotga o‘zining ta’sirini ko‘rsata boshladi. Endi YAIMning birinchi choragi bo‘yicha ko‘rsatkichlarimiz hozircha bizda yo‘q. Lekin bizning kutayotgan ko‘rsatkichimiz 4,5 foiz o‘sish atrofida. Endi bu o‘tgan yili noyabr yoki dekabr oylaridagi rejalarimizdan pastroq, albatta. 

Ming afsuski, biz ikkinchi chorakda kutayotgan raqamlarimiz bundan og‘irroq. Bizning fikrimizcha, ikkinchi chorak eng murakkabi bo‘ladi. Chunki aprel oyi karantin juda qat’iylashgan paytga to‘g‘ri kelmoqda. May oyi haqida biror narsa deyish qiyin. Misol uchun, aprel oyida yoqilg‘i quyish va metan gaz quyish shoxobchalarida realizatsiya qilish ikki barobarga tushib ketgan. 

Umumiy ovqatlanish joylari, restoranlar, sartaroshxonalar yoki kiyim-kechak sotish joylarining ishlamasligi bizning iqtisodiyotga qattiq ta’sirini ko‘rsatadi. Chunki bizda YAIMning 1/3 qismi xizmat ko‘rsatish sohasiga to‘g‘ri keladi. 

Sanoatning 6,5 foizga o‘sishini kutayotgan edik. Endi bu qanday ko‘rsatkichlarga ega bo‘ladi, bu karantin va pandemiyaning qancha cho‘zilishiga bog‘liq”, deydi Bosh vazir o‘rinbosari.
 


Maqola muallifi

Teglar

inqiroz Jamshid Qo'chqorov karantin

Baholaganlar

380

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made