“Maxam-Chirchiq” va “Ammafos-Maxam” kompaniyalari 600 mln so‘mdan ortiq jarimaga tortildi

Jamiyat

image

So‘nggi vaqtlarda Davlat ekologiya qo‘mitasiga aholi, jamoatchilik tashkilotlari tomonidan atrof muhitga zararli tashlamalar tashlayotgan yirik sanoat korxonalari faoliyati yuzasidan shikoyat va murojaatlar kelib tushmoqda.

Mazkur murojaatlarda, Toshkent viloyatining Chirchiq, Olmaliq shaharlaridagi “Maxam-Chirchiq”, “Ammafos-Maxam” aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati natijasida atmosfera xavosiga, ochiq suv xavzalariga tashlanayotgan zararli moddalar atrof muhitga, fuqarolar salomatligiga xavf solayotganligi qayd etilgan.

Ushbu murojaatlarni o‘rganish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan “Maxam-Chirchiq” AJning perimetri bo‘ylab (16 km) atmosfera havosidan 8 ta nuqtadan (oraliq 800 metr, korxona devoridan 15 metr masofada) namunalar olinib, tahlil qilinganda atmosfera havosi tarkibida ammiak miqdori ruxsat etilgan me’yordan – 1,1 - 2,8 marotaba, vodorod sulfid miqdori – 4,5 - 7,4 marotaba, uglerod oksidi – 1,2 marotaba yuqoriligi aniqlandi.

Yuqoridagi o‘rganishlar “Ammafos-Maxam” AJda ham o‘tkazildi, olingan havo namunalari tahlil qilinganda, atmosfera havosi tarkibida oltingugurt moddasi miqdori ruxsat etilgan me’yordan – 2,6 marotaba, azot ikki oksidi – 8,8 martaga ortganligi aniqlandi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan “Ammafos-Maxam” AJ faoliyati yuzasidan tayyorlangan ma’lumotlar asosida “O‘zbekiston ekologik partiyasi” tomonidan iyul oyida jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Amalga oshirilgan o‘rganishlar natijalariga asosan yuqoridagi korxonalarda faoliyati joriy yil 5 avgustdan 26 avgust kuniga qadar davlat ekologik nazorati olib borildi.

Xususan, “Maxam-Chirchiq” AJda olib borilgan tekshirish davomida 29 ta asosiy va yordamchi sexlaridagi atmosfera havosini ifloslantiruvchi 30 ta manbalaridan 62 ta namunalar olinib, havo tarkibidagi azot oksidi va ammiak moddalari bo‘yicha, shuningdek, 9 ta ochiq suv havzalarini ifloslantiruvchi manbalaridan 9 ta namunalar olinib, suv tarkibidagi neft mahsulotlari, mis, temir, nitrat va nitrit ionlari hamda xlorid ingrediyentlarini aniqlash bo‘yicha jami 71 ta fizik-kimyoviy tahlil ishlari o‘tkazildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, korxonaning 2 ta ishlab chiqarish sexlarida atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalardan tashlanayotgan tashlamalarning miqdori ruxsat etilgan me’yoridan 1,2 - 8,0 marotaba yuqoriligi aniqlandi. Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ushbu sexlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Shu bilan birga “Ammafos-Maxam” AJning 4 ta asosiy ishlab chiqarish sexlaridagi atmosfera havosini ifloslantiruvchi 15 ta manbalaridan namunalar olinib, havo tarkibidagi azot oksidi, ammiak moddalari va fosfor changini aniqlash bo‘yicha jami 36 ta tahlil ishlari o‘tkazildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, korxonaning 1 ta ishlab chiqarish sexida atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalardan tashlanayotgan tashlamalarning miqdori ruxsat etilgan me’yordan 1,15 - 1,22 marotaba yuqoriligi hamda ishlab chiqarish texnologik jarayonida quvurlar germetikligining buzilishi natijasida ifloslantiruvchi moddalar atmosfera havosiga tashlanayotganligi aniqlanib, mazkur sexdagi uskunalar faoliyati ham vaqtincha to‘xtatildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi va “Chiqindi to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzganlik uchun “Maxam-Chirchiq” AJ, “Ammafos-Maxam” AJning 33 nafar mansabdor va mas’ul shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortildi hamda atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilarni belgilanmagan joylarga joylashtirilganligi uchun qo‘shimcha ravishda 414,4 mln so‘m kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi.

Shuningdek, “Ammafos-Maxam” AJ hududida noqonuniy daraxtlar kesilganligi aniqlanib, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 223 mln so‘m zararni qoplash belgilandi.

Qayd etilishicha, tekshirish yakunlari bilan mazkur korxonalarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida 39 banddan iborat bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan qatiy nazoratga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

atmosfera Davlat ekologiya qo'mitasi

Baholaganlar

25

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing