SpaceX Starlink sun’iy yo‘ldoshi bilan aloqani yo‘qotdi

Texnologiya

image

SpaceX kompaniyasining Starlink loyihasiga tegishli sun’iy yo‘ldoshlardan birida orbitada nosozlik yuz berdi. Hodisa oqibatida sun’iy yo‘ldosh bilan aloqa uzildi va kosmosda qoldiq bo‘laklari paydo bo‘ldi. Bu haqda “Straits times” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, anomaliya taxminan 418 kilometr balandlikda sodir bo‘lgan. SpaceX ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida kichik miqdorda qoldiqlar hosil bo‘lgan. Sun’iy yo‘ldosh tez orada orbitasini yo‘qotib, Yer atmosferasiga qayta kiradi va bir necha hafta ichida butunlay parchalanib ketadi.

Kompaniya bayonotida aytilishicha, mazkur sun’iy yo‘ldosh Starlink'ning keng polosali internet xizmatini ta’minlaydigan qariyb 10 mingta apparatdan biri bo‘lgan. Hodisadan so‘ng u taxminan to‘rt kilometrga keskin pasaygan, bu esa bortda ichki nosozlik yoki kichik portlash sodir bo‘lganidan darak beradi.

Kosmik kuzatuv bilan shug‘ullanuvchi LeoLabs kompaniyasi hodisa ortidan “o‘nlab” mayda bo‘laklar aniqlanganini ma’lum qildi. Mutaxassislarning fikricha, balandlikning tez pasayishi hodisaning boshqa kosmik ob’ekt bilan to‘qnashuv emas, balki ichki texnik muammo tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkin.

SpaceX qoldiqlarni AQSH Kosmik kuchlari va NASA bilan hamkorlikda kuzatayotganini bildirdi. Hozircha ushbu bo‘laklar orbitadagi boshqa faol sun’iy yo‘ldoshlar uchun qanchalik xavf tug‘dirishi borasida rasmiy izoh berilmadi.

Shu bilan birga, mutaxassislar hodisani yirik orbital falokatlar bilan solishtirganda nisbatan kichik deb baholamoqda. Masalan, avvalroq Intelsat sun’iy yo‘ldoshi parchalanishi oqibatida 700 dan ortiq bo‘laklar hosil bo‘lgan, shuningdek, Xitoy raketa qoldiqlarining parchalanishi ham katta xavf tug‘dirgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan hafta Starlink'ning muhandislik bo‘yicha vitse-prezidenti Maykl Nikols X ijtimoiy tarmog‘ida Xitoyga tegishli kosmik kema Starlink sun’iy yo‘ldoshidan atigi 200 metr masofada yaqinlashganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kosmosdagi asosiy xavflardan biri sun’iy yo‘ldosh operatorlari o‘rtasida yetarli muvofiqlashtirishning yo‘qligidir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy “Samarqand-2028” sun’iy yo‘ldoshini uchirishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

sun'iy yo'ldosh atmosfera Er SpaceX Starlink

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing