Bugundan sovuq antitsiklon kirib keladi
Bu qiziq
−
13:50 8361 1 daqiqa
Bugun, 7 mart kuni O‘zbekistonga sovuq antitsiklon kirib keladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Sovuq havo kirib kelish sababli atmosfera havosi sifati yomonlashishi kutilmoqda. Havo aylanishining sustligi va harorat inversiyasi shakllanishi ehtimoli tufayli ifloslantiruvchi moddalar atmosferaning yerga yaqin qatlamida to‘planib boradi.
Ayni paytda hududda harorat inversiyasining shakllanishiga olib keluvchi meteorologik sharoitlar kuzatilmoqda. Bu kechasi 5-7 daraja va kunduzi 16-18 daraja iliq bo‘lgan keskin harorat farqi bilan bog‘liq.
“Toshkent shahri nam va nisbatan salqin havo massasi ta’sirida qolmoqda. Ertalabki soatlarda tuman, yuqori namlik va deyarli shamolsiz ob-havo kuzatilib, bu havo almashinuvining juda sekin kechishiga sabab bo‘ladi. Oqibatda chiqindilar shahar hududida saqlanib qoladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, atmosferada shaharga xos bo‘lgan odatiy ifloslantiruvchi moddalar to‘planadi. Ularning asosiy manbalari avtotransport, isitish tizimlari, yoqilg‘ini yoqish hamda sanoat chiqindilaridir. Bunday sharoitda ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishi sust kechadi va havoda chang hamda mayda dispersli zarrachalar konsentratsiyasining ortishi kuzatilishi mumkin.
Bunday vaziyat yaqin uch kun davomida saqlanib turishi mumkin. 10 martga kelib sovuq antisiklon mamlakat hududini to‘liq qamrab oladi. Havo harorati barqarorlashishi, shamol tezligining oshishi hamda yog‘ingarchilik kuzatilishi natijasida atmosfera havosidagi ifloslantiruvchi moddalar tarqalishi kutilmoqda.
Live
Barchasi