“Maxam-Chirchiq” faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Jamiyat

image

Mineral o‘g‘itlar va boshqa kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi “Maxam-Chirchiq” korxonasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga oid qonun va normativ-huquqiy hujjatlar talablari ijrosini ta’minlanishi yuzasidan “Maxam-Chirchiq” AJ faoliyatida tekshirish o‘tkazilgan. Natijada 11 ta holatda kamchilik aniqlangan. 

Jumladan, chang-gaz tozalash uskunasining samaradorligi me’yoriy hujjat talabiga javob bermasligi, ifloslantiruvchi moddalar belgilangan me’yordan ortiq chiqarilayotgani, kimyoviy moddalar belgilangan hududda joylashtirilmagani, suv tarkibidagi kimyoviy moddalarning ortiqcha chiqarilayotgani, kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida to‘liq amalga oshirilmagani natijasida amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilinmagani aniqlangan.

Shu bois Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi sudga ariza bilan murojaat qilib, “Maxam-Chirchiq” AJning faoliyatini kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatishni so‘ragan. Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining kecha, 26 noyabrdagi hal qiluv qarori bilan “Maxam-Chirchiq” AJning faoliyati aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri va viloyatidagi atmosferaga zarar yetkazayotgan 18 ta ob’ekt faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

korxona Maxam-Chirchiq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing