Matviyenko Ukrainaga taklif bilan chiqdi. Bu Putinning signalimi?

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko Ukraina parlament delegatsiyasini G20 mamlakatlari parlamentlari spikerlari sammitiga taklif qilib, Rossiya inqirozni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini ta’kidladi. Bu haqda TASS yozmoqda. 

“Keling, bugun parlament yigirmataligi platformasida muzokaralar stoliga o‘tiraylik. Rossiya parlamenti, Ukraina parlamenti. Keling, bir-birimizni tushunishga harakat qilaylik, kelishuvlar topaylik”, deydi Federatsiya Kengashi spikeri. 

Matviyenkoning ta’kidlashicha, Rossiya bir necha bor Ukraina ichidagi inqirozni hal qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgan va kelishuvlarga amalda erishilgan.  

“Ammo, afsuski, Ukraina o‘shanda tashqi nazorat ostida bo‘lib, bu kelishuvlardan bosh tortdi. Biz yana aytamiz: biz muzokaralar tarafdorimiz, biz muloqot tarafdorimiz, biz bu inqirozni tinch siyosiy yo‘l bilan hal qilish tarafdorimiz. Keling, muzokaralar olib boramiz va muzokaralar stoliga o‘tiramiz”, deb ukrainalik hamkasblarini chaqirdi Matviyenko. 

U, shuningdek, Buyuk Britaniya o‘z tarixi davomida ko‘plab davlatlarni bir necha bor bosib olganini, NATO Yugoslaviyani bombardimon qilganini, Iroq va Liviyani bosib olganini esladi.  

“Men bu mavzuni davom ettirishim mumkin edi. Buning uchun insonning ma’naviy huquqi bo‘lishi kerak. Kimnidir ayblashdan oldin, biz aytganimizdek, oynaga qarang”, deya ta’kidladi Matviyenko. 

U, shuningdek, oziq-ovqat va energetika inqirozi uchun Rossiya javobgar ekanligi haqidagi ayblovlarni rad etdi. 

“Nega kasal boshdan sog‘lom fikr kutyapsiz? Siz Rossiya gazini Yevropaga yetkazib berishni to‘xtatish uchun hamma narsani qildingiz, hatto kimdir Yevropaga gaz yetkazib berish uchun ishonchli ikkita quvur bo‘lmish “Shimoliy oqim 1” va “Shimoliy oqim 2”ni portlatib yubordi. Biz ta’kidlaymiz: buni kim va kimning manfaatlarini ko‘zlagan holda qilgan, xolisona aniqlab oling. Bu umumevropa infratuzilmasi. Ushbu gaz quvurlari Yevropaning beshta davlati kompaniyalari tomonidan yaratilgan”, deydi parlament yuqori palatasi raisi. 

Ma’lumot uchun, kecha, 5 oktyabr kuni Indoneziya poytaxtida Yigirmalik (G20) guruhiga kiruvchi davlatlar parlamentlari spikerlarining sakkizinchi sammiti ochildi. 

Parlamentlar spikerlarining sakkizinchi sammiti G20 mamlakatlari yetakchilari sammiti arafasida tashkil etilmoqda. Ustuvor mavzular orasiga barqaror rivojlanishni tezlashtirish, yashil iqtisodiyot, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, iqtisodiy muammolar, samarali parlament, jonli demokratiya, ijtimoiy inklyuziya, gender tengligi va ayollar huquqlarini kengaytirish kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Valentina Matvienko Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

471

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing