Mast haydovchining qarindoshlari YPX xodimlarini kaltakladi
3-sahifa
−
10:25 3292 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatining Angor tumanida YPX xodimlariga qarshilik ko‘rsatgani aytilayotgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 9 avgust kuni 1987 yilda tug‘ilgan T.U. ismli shaxs Damas rusumli avtomashinani boshqarib ketayotib, xizmat vazifasini bajarayotgan YPX xodimlarini ko‘rgan. Shundan so‘ng haydovchi harakat yo‘nalishini o‘zgartirib, qochishga uringan va shubhali harakatlar sodir etgan.
YPX xodimlari esa avtomashinani kuzatib borgan. Haydovchi Angor tumanidagi “Ilg‘or” mahallasida yashash uyiga yaqin joyda avtomashinani to‘xtatib, undan tushgan va qochishga harakat qilgan.
Xodimlar uni to‘xtatib, og‘zidan spirtli ichimlik hidi kelayotganini aniqlagan. Shundan so‘ng haydovchini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib borishga uringan.
Biroq shu vaqtda hodisa joyiga haydovchining ukasi T.O., turmush o‘rtog‘i N.N., yana bir ukasi T.Z. hamda qo‘shnisi M.M. yetib kelgan. Ular xizmat vazifasini bajarayotgan IIO xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, 2 nafar xodimga tan jarohati yetkazgan.
Holat yuzasidan Angor tumani prokuraturasi va IIB tezkor-tergov guruhi voqea joyiga yetib borib, surishtiruv ishlarini olib borgan. Shu kunning o‘zida mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shu bilan birga, Surxondaryo viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan YPX xodimlarining mazkur holatdagi harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi ham tashkil etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida mast haydovchi YPX xodimini urib yuborishi oqibatida og‘ir tan jarohati olgan serjant vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi