Mashhur xonandaning qizi umrbod qamaldi
Olam
−
18:52 6426 2 daqiqa
Turkiyaning Yalova shahrida 2025 yil 26 sentyabr kuni 6-qavatdagi uyining derazasidan tushib, halok bo‘lgan qo‘shiqchi Gulluning o‘limi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Onacini oldindan rejalashtirib, qasddan o‘ldirishda ayblangan 28 yoshli qizi Tug‘yan Ulkem Gulter og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Haberler“ xabar berdi.
Voqeadan so‘ng boshlangan keng ko‘lamli tergov doirasida Tug‘yan Ulkem Gulter qo‘lga olinib, hibsga olingan edi. Shundan so‘ng ish yuzasidan sud jarayoni boshlangan.
Sudning hukm chiqariladigan majlisida prokuror to‘plangan dalillar va ish materiallariga asoslanib, Tug‘yan Ulkem Gulterga onasini oldindan rejalashtirib, qasddan o‘ldirish aybi bilan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosi tayinlashni so‘ragan.
Sudda ko‘z yosh bilan himoya nutqi so‘zlagan Tug‘yan Ulkem Gulter esa o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan. U onasining yiqilgan paytini ko‘rmaganini va o‘ziga tuhmat qilinganini aytgan.
“Men o‘zimga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmayman. Onamning yiqilgan paytini mutlaqo ko‘rmaganman. Har qanday ona va qiz o‘rtasida janjallar bo‘lishi mumkin, lekin biz ona va qizmiz. Men jabrlanuvchiman. Menga tuhmat qilishdi. Ijtimoiy tarmoqlar va matbuotda meni “ona qotili” deb atashmoqda. Onamning qayg‘usini ham yashay olmadim. Men ilohiy adolatga ishonaman. Qanday jazo tayinlanishidan qat’i nazar, o‘zimning aybsiz ekanimni bilaman. Menga tuhmat qilganlarni kechirmayman. Nari dunyoda ilohiy sud oldiga onam bilan qo‘l ushlashib chiqishimga ishonaman. Qizim bu dog‘ni ko‘tarib yurishini istamayman“, degan u.
Sudlanuvchi va uning advokatlari so‘nggi himoya nutqlarini so‘zlab bo‘lgach, sud hay’ati hukmni e’lon qilgan. Sud Tug‘yan Ulkem Gulterga onasini oldindan rejalashtirib, qasddan o‘ldirish aybi bilan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosini tayinlagan.
Eslatib o‘tamiz, “Gullu“ nomi bilan tanilgan 52 yoshli Gul Tut 2025 yil 26 sentyabr kuni Yalova viloyatining Chinarjik tumanidagi uyining 6-qavatidan yiqilib, vafot etgandi.
Live
Barchasi