Marshal Do‘stum Afg‘onistonda! “Tolibon”ga qarshi hujum boshlandi
Olam
−
17 avgust 2021
76667Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti Amrulla Solih kuchlari “Tolibon”ga qarshi hujumga o‘tib, Qobul shimolidagi Parvon viloyatining Chorikor tumanini qaytarib oldi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Hozirda janglar Panjsher tumanida davom etmoqda”, degan agentlik manbasi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Afg‘oniston armiyasining 10 ming shaxsiy tarkibi general Abdul-Rashid Do‘stum boshchiligida mintaqaga yo‘l olgan.
Chorikor orqali Qobulni Afg‘oniston shimolidagi eng yirik shahar Mozori-Sharif bilan bog‘lovchi strategik ahamiyatga ega avtomobil yo‘li o‘tgan.
Bundan avval Solih mamlakatdan qochib ketgan Ashraf G‘anidan farqli o‘laroq, Afg‘onistonda qolganini va qonunga ko‘ra, vaqtincha davlat rahbari hisoblanishini e’lon qilgandi.
“Konstitutsiyaning aniq qoidalariga ko‘ra, Prezident yo‘qligida, qochib ketganda yoki vafot etganida birinchi vitse -prezident uning vazifasini bajaradi. Men Afg‘onistondaman va qonuniy ravishda bu vazifalarni bajaraman”, degandi Solihi Twitter'dagi sahifasida.
Qayd etish kerakki, joriy yilning may oyida AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi ortidan “Tolibon” harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshlagandi. Joriy yilning 15 avgust kuni esa Qobul shahri jangsiz egallanishi bilan mamlakatda hokimiyat “Tolibon” qo‘liga o‘tdi.
Biroq avval xabar berganimizdek, toliblarga bo‘ysunmagan birgina viloyat – Panjsherda harakatga muxolifat kuchlar to‘plana boshladi. Ularning orasida vitse-prezident Amrulla Solih va taniqli dala qo‘mondoni Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud ham bor. Viloyatga boshqa tomonlardan ham hukumat askarlari to‘planayotgandi.
Qayd etish kerakki, bir necha kundan beri Afg‘onistonning eng obro‘li kishilaridan biri Marshal Abdul Rashid Do‘stumning qayerdaligi mavhumligicha qolayotgandi. Xususan, u O‘zbekistonda bo‘lib turgani aytilgandi. Biroq, bu xabarlar rasman o‘z tasdig‘ini topmadi.
LiveBarchasi