Marsdan olingan suratda “yurayotgan sirli odam” topildi

Bu qiziq

image

“Spirit” marsoxodi tomonidan 2007 yilda olingan Mars yuzasining surati internetda virusli tarzda ommalashdi. Unda foydalanuvchilar odamga o‘xshash sirli figurani payqab qolgan. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.

Panoramali suratda toshli landshaft orasida uzoqdan qo‘llarini uzatib va oyog‘ini ko‘tarib yurayotgan odam siluetiga o‘xshaydigan ob’ekt ko‘rinadi. Ba’zi foydalanuvchilar bu haykal yoki qadimgi Mars sivilizatsiyasining izlari bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Biroq aksariyat mutaxassislar bu g‘ayrioddiy topilmani pareydoliya effekti – inson miyasi bulutlar, toshlar yoki soyalar kabi tasodifiy shakllarda tanish obrazlarni tanib oladigan psixologik hodisa bilan izohlayapti.

Sayyoralar jamiyati avvalroq Mars suratlarini o‘rganishda bunday illyuziyalar tez-tez yuzaga kelishini, “figura”ning o‘zi esa Quyosh nuri tushishi natijasida shunday ko‘rinayotgan oddiy qoya hosilasi ekanini ta’kidlagan.

Shunga qaramay, fotosurat ijtimoiy tarmoqlarda yana qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ba’zi foydalanuvchilar suratda haqiqatan ham odam yoki qadimgi haykal tasvirlanganiga ishonchi komil, boshqalar esa bu shunchaki toshning g‘ayrioddiy shakli deb hisoblaydi.

NASA, o‘z navbatida, Marsda o‘tmishda hayot mavjud bo‘lganiga hech qanday dalil yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan. Agentlik bu kabi tasvirlar o‘zga sayyorada sivilizatsiya mavjudligining isboti emasligini uqtirib keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq astronomlar “Jeyms Uebb” koinot teleskopi yordamida “Beta Pictoris d” ekzosayyorasini aniqlagandi. Ob’ekt Yerdan 63 yorug‘lik yili uzoqligida joylashgan yosh yulduzning yorug‘ chang diski ichida yashiringan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing