Marsda “sirli meduza” kameraga tushib qoldi

Bu qiziq

image

NASA’ning “Curiosity” marsoxodi Marsning suratlaridan birida shakli osilib turgan oyoqchalari bor meduzani eslatuvchi g‘ayrioddiy to‘q rangli ob’ektni qayd etdi. Biroq ushbu voqeadan bir necha soniya oldin aynan shu hududda olingan fotosuratlar sayyora yuzasida bunday ob’ekt bo‘lmaganini ko‘rsatadi. Bu haqda “Science Alert” nashri xabar berdi.

Surat “Curiosity” tomonidan 2023 yil 23 avgust kuni soat 22:27:46 da olingan. Mars landshafti tasvirlangan fotosuratning chap tomonida meduzaga o‘xshash to‘q rangli sharpa ko‘rinadi. Shu bilan birga, marsoxod g‘ayrioddiy sharpa paydo bo‘lishidan 13 va 25 soniya oldin xuddi shu asbob bilan ayni bir hududni suratga olgan. Oldingi ikkala kadrda ham bu narsa yo‘q.

G‘alati sharpa paydo bo‘lishining ehtimoliy sabablaridan biri – kosmik nurlar ta’siridir. Gap “Curiosity” navigatsiya kamerasining kremniy detektoriga kelib urilgan va tasvirda iz qoldirgan yuqori energiyali zaryadlangan zarracha haqida ketmoqda.

Mars kosmik nurlanishdan Yerga qaraganda ancha yomon himoyalangan. Sayyorada global magnit maydoni yo‘q, uning atmosfera massasi esa Yernikining bor-yo‘g‘i 0,5 foizini tashkil qiladi. Aynan shu sababli “Curiosity” suratlarida kosmik nurlar bilan bog‘liq nuqsonlar ilgari ham bir necha bor qayd etilgan.

Fotosuratlarda ular yorqin nuqtalar, dog‘lar yoki chiziqlar ko‘rinishida namoyon bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, bunday izlarning rangi turlicha bo‘ladi. Masalan, 2023 yilda “Curiosity” haqida tayyorlangan videoda NASA kadrdagi kichik qora artefaktni aynan kamera datchigiga kosmik nur tegishi bilan tushuntirgan.

Shuningdek, 2014 yildayoq NASA’ning Reaktiv harakat laboratoriyasi tasvirlarni qayta ishlash bo‘yicha mutaxassisi va tizim muhandisi Jastin Maki Curiosity tomonidan olingan minglab fotosuratlar orasida bunday yorqin dog‘lari bor kadrlar deyarli har hafta paydo bo‘lishini aytib o‘tgan.

Biroq sirli “meduza”ning paydo bo‘lishiga aynan nima sabab bo‘lganini “Curiosity” jamoasining xulosalarisiz uzil-kesil aniqlashning hozircha imkoni yo‘q. Bunga kamera ishidagi yoki suratni qayta ishlashdagi boshqa xususiyatlar ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, sharpaning faqat bitta kadrda ko‘rinishi muhim ahamiyatga ega. Bu uning paydo bo‘lishi Mars yuzasidagi real ob’ekt bilan emas, balki aynan kamera bilan bog‘liqligini deyarli aniq ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Spirit” marsoxodi tomonidan 2007 yilda olingan Mars yuzasining surati internetda virusli tarzda ommalashgandi. Unda foydalanuvchilar odamga o‘xshash sirli figurani payqab qolgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing