Marko Rubio AQSHning O‘zbekiston bilan bog‘liq maqsadlarini ochiqladi
Olam
−
01 Sentabr 6361 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston bilan strategik hamkorlik rivojlanib borayotganidan chuqur faxrlanadi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan qabul qilgan bayonotida so‘z borgan.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari nomidan 1 sentyabr – Mustaqillik kunini nishonlayotgan O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarimni yo‘llayman.
Amerika Qo‘shma Shtatlari 34 yil davomida O‘zbekistonning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston bilan strategik hamkorligimiz rivojlanib borayotganidan chuqur faxrlanadi. Bu hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo va biznes aloqalarini mustahkamladi hamda ko‘plab sohalarda yanada keng ko‘lamli hamkorlikka yo‘l ochdi”, deydi Rubio bayonotining avvalida.
Uning qayd etishicha, Vashington O‘zbekistonning ISHID terroristik tashkilotini yengish bo‘yicha Global koalitsiyaga to‘laqonli a’zo bo‘lish qarorini, noqonuniy migratsiya masalasidagi davomiy hamkorligini va ikki davlat o‘rtasidagi xavfsizlik sohasidagi mustahkam sheriklikni yuqori baholaydi.
“O‘zbekiston o‘z mustaqilligini nishonlar ekan, Amerika Qo‘shma Shtatlari do‘stlik aloqalarini yanada kengaytirish hamda AQSH va O‘zbekiston farovonligini oshirishga intilishda davom etadi”, deydi Davlat kotibi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakat Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan AQSH Prezidenti Donald Tramp ham O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevga tabrik yo‘llab, Qo‘shma Shtatlar mavjud aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochishga umid qilayotganini bildirgan edi.
Live
Barchasi