Markaziy Osiyoni G7 yetakchilari ham qo‘llab-quvvatlamoqchi
Olam
−
20 may 2023
12882G7 mamlakatlari yetakchilari mintaqaviy muammolarni, jumladan, Rossiyaning Ukrainadagi agressiyasi oqibatlarini hal qilishda Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini tasdiqladi. Bu haqda G7 yetakchilarining Xirosimadagi sammitida qabul qilingan bayonotida so‘z bordi.
“Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan turli mintaqaviy muammolarni, shu jumladan, Rossiyaning agressiv urushi oqibatlari, Afg‘onistondagi vaziyatning beqarorlashtiruvchi ta’siri, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, terrorizm va iqlim o‘zgarishi kabi muammolarni hal qilishda hamkorligimizni tasdiqlaymiz”, deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, “Katta yettilik” mamlakatlari savdo va energetika aloqalarini, barqaror kommunikatsiya va transportni, jumladan, O‘rta yo‘lakni hamda Markaziy Osiyo farovonligini oshirishga qaratilgan tegishli loyihalarni rivojlantirishga qat’iy qaror qilgani qayd etilgan.
Sammit davomida G7 yetakchilari “butun dunyoga xavf solayotgan” Ukrainaga qarshi tajovuzni yana bir bor qoralagan.
“Biz keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatish uchun zarur bo‘lgan vaqt davomida Ukrainani sobit qo‘llab-quvvatlashimizni yana bir bor tasdiqlaymiz”, deyiladi hujjatda.
G7 davlatlari Ukrainaga diplomatik, moliyaviy, gumanitar va harbiy yordamni kuchaytirish, shuningdek, Rossiya va uning harbiy sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchilar uchun sanksiyalarni oshirish tarafdori ekani ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19-21 may kunlari Yaponiyaning Xirosima shahrida G7 sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda “Katta yettilik” mamlakatlari rahbarlaridan tashqari, Hindiston, Avstraliya, Janubiy Koreya va Ukraina yetakchilari ham ishtirok etmoqda. Oldinroq sammitda qatnashish uchun Xirosimaga borgan Zelenskiy Buyuk Britaniya, Italiya, Hindiston va Germaniya Bosh vazirlari bilan uchrashgandi. 18-19 may kunlari esa “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti bo‘lib o‘tgan edi. Unda ham Xitoy mintaqa mamlakatlarini qo‘llashini bildirgan va Markaziy Osiyo davlatlariga grant asosida 26 milliard yuan (taxminan 3,72 milliard dollar) miqdorida moliyaviy yordam berishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi