Markaziy Osiyo Osiyo va Yevropaning yuragi – Rubio
Jamiyat
−
17:53 982 3 daqiqa
Markaziy Osiyo, ehtimol, Osiyo va Yevropaning yuragi hisoblanadi. Tarixan ushbu mintaqa G‘arb va Sharq o‘rtasidagi savdo-sotiqning chorrahasi bo‘lib kelgan. Bu haqda bugun, 19 oktyabr kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Samarqand shahrida o‘tkazilgan “C5+1” formatidagi vazirlar yig‘ilishida gapirdi.
Rubio ushbu tarixiy va g‘oyat muhim voqea munosabati bilan Samarqandda yig‘ilgan barchaning nomidan minatdorlik bildirgan.
“Bilasizmi, Markaziy Osiyo, ehtimol, Osiyo va Yevropaning yuragi hisoblanadi. Tarixan Markaziy Osiyo G‘arb va Sharq o‘rtasidagi savdo-sotiqning chorrahasi bo‘lib kelgan. Bugun esa global hamkorlikning yanada kengroq qayta tiklanishi doirasida u transmilliy tijoratda yana o‘sha muhim rolni o‘ynash asnosida turibdi. Ammo Markaziy Osiyo, shuningdek, sarmoyalar uchun yangi maydon hamdir. U eksport uchun yangi manzil — barcha xalqlar kelajagi uchun juda muhim bo‘lgan materiallar yetkazib beriladigan markaziy terminal vazifasini o‘taydi”, deydi Rubio.
Uning aytishicha, AQSH suverenitetga ega va mustaqil mamlakat hamda iqtisodiyot bo‘lib qolish, xavfli xorijiy hamkorlarga yoki hatto dushmanlarga hech qachon qaram bo‘lib qolmaslik uchun muhim sanoat tarmoqlari va ularni qo‘llab-quvvatlovchi ta’minot zanjirlarini mustahkamlashga intiladi. Ushbu “C5+1” forumi AQSHning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yanada yaqin va tinch-totuv munosabatlarni rivojlantirishga bo‘lgan nafaqat manfaatini, balki qat’iy sodiqligini ham ifoda etadi.
“Birgalikda biz mamlakatlarimiz uchun har birimiz suveren davlat bo‘lib qolishimiz va jamoaviy farovonligimizni birgalikda oshirishimiz uchun zarur bo‘lgan resurslar, sarmoyaviy imkoniyatlar va savdo sherikliklarini ta’minlay olamiz”, deydi AQSH Davlat kotibi.
Uning aytishicha, o‘tgan yili Vashingtonda bo‘lib o‘tgan va o‘zi ishtirok etish sharafiga muyassar bo‘lgan “C5+1” sammiti barcha mamlakatlar uchun haqiqiy burilish nuqtasi bo‘lgan. Oq uydagi o‘sha birgina uchrashuvning o‘zi transport, energetika va moliya sohalarini, shuningdek, boshqa muhim milliy ustunlarni mustahkamlaydigan 25 milliard dollarlik yangi bitimlarni olib kelgan.
“Prezident Tramp va sizlarning rahbarlaringiz birgalikda savdo va sarmoyalarni oshirishga yordam beradigan me’yoriy hamda mehnat muhitini rag‘batlantirishga va’da berishgan edi va bu hafta biz ushbu majburiyatlarni yanada rivojlantirish ustida ishlamoqdamiz”, deydi Rubio.
Uning aytishicha, AQSH Transkaspiy savdo yo‘nalishi infratuzilmasi yaxshilaydi va hamkorlarga Amerika hamda Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishning ko‘proq usullarini taqdim etadi. Muhim minerallar bo‘yicha muloqotda integratsiyalashgan, yuqori qiymatli ta’minot zanjirlarini ilgari surish orqali energetik kelajakni ta’minlashga harakat qilinadi.
“Markaziy Osiyoning o‘sib borayotgan texnologik tarmoqlarida Amerikaning ilg‘or texnologiyalaridan foydalanish va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun minglab yosh mutaxassislarni tayyorlaymiz. Shuningdek, “C5+1” forumi, “B5+1” forumi orqali mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo va sarmoyalarni sezilarli darajada oshiradigan davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi muloqotni yengillashtiramiz”, deydi Rubio.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida o‘tkazilgan biznes tadbirlari doirasida savdo, investitsiya va texnologik hamkorlik sohasida umumiy qiymati 12 milliard AQSH dollarini tashkil etuvchi 54 ta shartnomadan iborat paket imzolangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi