Markaziy Osiyoga tashqi kuchlar tomonidan bosim bo‘lyapti – O‘zbekiston Xavfsizlik Kengashi
Jamiyat
−
25 aprel
20433Markaziy Osiyo davlatlari tashqi kuchlar tomonidan bosimga uchramoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi Viktor Mahmudov bugun, 25 aprel kuni Sankt-Peterburgdagi “Ekspoforume”da bo‘lib o‘tayotgan xavfsizlik masalalari bo‘yicha oliy vakillarning XII xalqaro yig‘ilishida so‘z ochdi.
“O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasiga tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida qaraydi va bu mintaqada tinchlik, xavfsizlik va ishonch makonini o‘rnatish bo‘yicha faol sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Bugungi kunda, afsuski, mintaqa davlatlari Markaziy Osiyo davlatlarining milliy manfaatlarini hisobga olmasdan tanlashga majburlashga urinayotgan tashqi kuchlarning bosimini boshdan kechirishda davom etmoqda”, deydi Mahmudov.
Rossiya Xavfsizlik Kengashi matbuot xizmatining xabar qilishicha, xavfsizlik masalalari bo‘yicha oliy vakillarning XII xalqaro uchrashuvi doirasida MDHga a’zo davlatlar Xavfsizlik Kengashlari kotiblari terrorizmga qarshi birgalikda kurashish masalalarini muhokama qilgan. Tadbirni Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushev olib borgan.
“Postsovet hududidagi vaziyat bo‘yicha fikr almashildi, shuningdek, terrorchilik tahdidlariga qarshi birgalikdagi sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratildi, tarixiy xotirani asrab-avaylash, natsizm va tajovuzkor millatchilik g‘oyalarini qayta tiklashga urinishlarga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi", deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, hozirda Kemeron savdo, xavfsizlik va atrof-muhit bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonga safar qilmoqda. "The Independent" nashrining yozishicha, Kemeron Markaziy Osiyo mamlakatlarining qiyinchilik bilan erishilgan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan ham fikr almashmoqchi. Shuningdek, u Britaniya universitetlarida xorijliklarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlovchi Chevening stipendiyalari uchun mablag‘ miqdori ikki baravar oshirilishi va kelgusi uch yil davomida mintaqa bo‘ylab rivojlanish xarajatlari uchun 50 million funt sterling ajratilishini ma’lum qilmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni Devid Kemeron Tojikistonga borgan va u yerda Prezident Imomali Rahmon qabulida bo‘lgandi. Shundan so‘ng u Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan ham uchrashdi. 23 aprel kuni u Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan muzokara o‘tkazdi va tomonlar orasida Keng qamrovli sherikchilik to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda Mintaqaviy va xalqaro bog‘liqlik hamda infratuzilma sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi. Shu kuni u Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya siyosiy-diplomatik muloqotini kengaytirish, shuningdek, xalqaro maydonda konstruktiv hamkorlikni davom ettirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlarni mustahkamlash, parlament aloqalarini faollashtirish masalalari muhokama qilingan. Kemeron Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgani yo‘q. Chunki u 22 aprel kunidan qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqqandi. Qozog‘istonda esa Kemeron Prezident Qosim-Jomart To‘qayev qabulida bo‘ldi, Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan uchrashdi va ikki davlat orasida strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
LiveBarchasi