Mirziyoyev BAA vitse-prezidenti bilan ham uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 yanvar kuni Abu-Dabi shahriga tashrifi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, suhbatda ko‘p qirrali hamkorlik va ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

"Bugun O‘zbekiston-BAA munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga olib chiqqan oliy darajadagi tarixiy muzokaralar yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi. Kuni kecha Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi kompaniya va xoldinglari rahbarlari bilan erishilgan kelishuvlar to‘liq amalga oshirilishi qo‘llab-quvvatlandi", deyiladi xabarda.

Uchrashuvda, shuningdek, o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Uy-joy va transport infratuzilmasi, energetika, tog‘-kon sanoati, shaharsozlik, raqamlashtirish va boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligi qayd etilgan.

Sun’iy intellekt borasida, shu jumladan soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga yetib borgandi. Abu-Dabi xalqaro aeroportida davlat rahbarini Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Ertasi kuni Prezident Birlashgan Arab Amirliklari poytaxtida o‘tayotgan “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” sammitida nutq so‘zladi. Bungacha u barqaror rivojlanish bo‘yicha Shayx Zoid Ol Nahayon nomidagi nufuzli mukofotning "Global o‘rta maktablar" nominatsiyasida g‘olib deb topilgan Toshkent shahridagi Prezident maktabi vakillari bilan uchrashib, ularni g‘alaba bilan qizg‘in tabrikladi.

14 yanvar kuni Mirziyoyev Abu-Dabi shahriga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida Birlashgan Arab Amirliklari Sun’iy intellekt vaziri Umar bin Sulton al-Olama, Birlashgan Arab Amirliklari investitsiyalar vaziri, “ADQ” xoldingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi.

Bugun, 15 yanvar kuni Abu-Dabi shahridagi "Qasr ash-Shati" qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari BAA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing