Markaziy Osiyoda qaynoq harorat tufayli millionlab bolalar salomatligi yomonlashishi mumkin
Salomatlik
−
31 iyul 2023
7424Yevropa va Markaziy Osiyodagi bolalarning qariyb yarmi (taxminan 92 million) haddan tashqari issiqlik ta’siriga duchor bo‘ladi. Bu global me’yoriy ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) hisobotida aytildi.
“Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqlim inqirozining jaziramasini boshdan kechirmoqda. Bolalar salomatligi va farovonligiga eng katta zarar yetmoqda”, deydi UNICEF'ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Rejina De Dominitsis.
Hisobotda qayd etilishicha, bolalar issiqlik to‘lqinlari ta’siriga juda sezgir, chunki, ularning tana harorati kattalarnikiga qaraganda ancha yuqori va tezroq ko‘tariladi. Bu esa ularni jiddiy kasalliklar, jumladan, issiqlik urishi xavfi ostida qoldiradi. Chaqaloqlar va yosh bolalar ko‘proq xavf ostida.
Tashkilot havo haroratining ko‘tarilishi iqlim o‘zgarishining oqibati ekanini ta’kidlab, Yevropa va Markaziy Osiyo hukumatlarini 2025 yilgacha iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun ajratiladigan mablag‘ni ikki baravar oshirishga chaqirmoqda.
Mutaxassislarning bashorat qilishicha, 2050 yilga borib haroratning 1,7 darajaga ko‘tarilishining eng konservativ ssenariysi ostida Yevropa va Markaziy Osiyodagi har bir bola haddan tashqari issiqlik ta’siriga duchor bo‘ladi.
UNICEF (Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi) – 1946 yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilot. U har yili dunyo bolalarining ahvoli to‘g‘risida hisobot tayyorlaydi.
LiveBarchasi