Markaziy Osiyo yetakchilari va Ozarbayjon rahbari oktyabrda Avazaga boradi
Olam
−
31 iyul 4519 2 daqiqa
Joriy yilning 8 oktyabr kuni Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik hududida Markaziy Osiyo yetakchilari va Ozarbayjon rahbarining maslahat uchrashuvini o‘tkaziladi. Bu haqda bugun, 31 iyul kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Cho‘lponotada bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi majlisida so‘z ochdi.
“Ishonchim komilki, davlatlararo hamkorlikning yangi olti tomonlama mexanizmi xalqlarimiz va mamlakatlarimizning yanada yaqinlashishiga, qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi, ortgan mushtarak salohiyatdan foydalangan holda hamkorlikka qo‘shimcha dinamika va istiqbol bag‘ishlaydi”, deydi Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov.
U joriy yil 8 oktyabr kuni Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik hududida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Ozarbayjonning maslahat uchrashuvini o‘tkazish rejalashtirilganini eslatib o‘tgan.
“Mamlakatimiz ushbu muhim voqeaga to‘liq mas’uliyat bilan yondashmoqda, bo‘lajak sammit yuqori mazmunda va darajada, imkon qadar sermahsul o‘tishi uchun barcha zarur ishlarni amalga oshirmoqda. Shu munosabat bilan biz ishtirokchi davlatlarga 5 ta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga olgan kun tartibi loyihasini tayyorladik va yubordik”, deydi Berdimuhamedov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bular quyidagilar:
- Tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikning dolzarb mintaqaviy hamda xalqaro masalalari bo‘yicha fikr almashish;
- Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning siyosiy-diplomatik hamkorligini yanada mustahkamlash;
- Savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, energetika sohasidagi aloqalarni kengaytirish, barqaror transport-logistika koridorlarini rivojlantirish;
- Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashish, Amudaryo va Sirdaryo suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha birgalikdagi chora-tadbirlar, Orol dengizini qayta tiklash sohasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish;
- Madaniy, ta’limiy va ilmiy aloqalarni rivojlantirish, talabalar va yoshlar almashinuvini kengaytirish.
“Taklif etilgan mavzularning barchasi mamlakatlarimiz uchun yuqori dolzarblik va ahamiyatga ega ekanidan kelib chiqamiz”, deydi Turkmaniston Prezidenti.
U, shuningdek, Avazadagi sammitga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish kunlarida bir qator xalqaro forumlar va madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgan.
“Ishonchim komilki, ilgarigidek, davlatlarimiz bunday xalqaro uchrashuvlarni tashkil etish va o‘tkazishdan manfaatdor bo‘ladi hamda unga mas’uliyat bilan yondashadi”, deya qo‘shimcha qilgan Berdimuhamedov.
Chiqishi yakunida u siyosiy va konstruktiv hamkorlik kayfiyati uchun siyosiy yetakchilarga – barcha davlat rahbarlariga o‘z minnatdorligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Cho‘lponotada bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi majlisida Markaziy Osiyo mamlakatlari xavfsizlikning yangi tahdidlariga birgalikda qarshi turishi va mintaqaning energetik mustaqilligini mustahkamlashi zarur ekanini aytgan edi.
Live
Barchasi