Markaziy Osiyo rahbarlari sammitida beshta hujjat imzolanishi kutilmoqda
Olam
−
13 Sentabr 2023
7075Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvi 14-15 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadi, uning yakunlari bo‘yicha beshta hujjatdan iborat paket imzolanishi rejalashtirilgan. Bu haqda “Neytralniy Turkmenistan” gazetasi xabar berdi.
Aytilishicha, hujjatlar orasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining qo‘shma bayonoti, quruqlikdagi transport sohasida shartnoma, yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi kelishuv, konsultativ uchrashuvlar bo‘yicha milliy koordinatorlar kengashi to‘g‘risidagi nizom, 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo mintaqasi aholisi salomatligi va farovonligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” mavjud.
Shuningdek, sammit doirasida Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi va o‘ndan ortiq parallel tadbirlar rejalashtirilgan. Bular Iqtisodiy forum, Milliy mahsulotlar xalqaro ko‘rgazmasi, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti a’zolarining uchrashuvi, rassomlar ko‘rgazmasi, oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi, Xalqaro ilmiy konferensiya, Transport vazirlari yig‘ilishi, Markaziy Osiyo davlatlari madaniyat va san’at ustalarining gala-konserti va boshqa bir qator madaniy tadbirlardir.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 14-15 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shu kunlarda Orol dengizi havzasida ekologik inqirozni bartaraf etish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida 1993 yilda tashkil etilgan IFAS Kengashining majlisini o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Avvalgi uchrashuvlar, 2018 yilda Qozog‘istonning Ostona shahrida, 2019 yilda O‘zbekistonning Toshkent shahrida, 2021 yilda Turkmanistonning Avaza shahrida va 2022 yilda Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Turkmaniston Xalq kengashi raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga maktub yo‘llab, uni mazkur sammitga taklif qilgandi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15