Markaziy Osiyo rahbarlari o‘z tabrigida Mirziyoyevga nimalarni yozdi?
Jamiyat
−
24 iyul 7202 5 daqiqa
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 68 yoshni qarshi oldi. Uni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ham qutladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Xususan, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Mirziyoyevga yo‘llagan tabrigida O‘zbekiston rahbarini oqilona va uzoqni ko‘ra biladigan rahbar sifatida e’tirof etgan.
“Hurmatli Shavkat Miromonovich! Tavallud kuningiz munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni qabul qiling! Sizning davlat rahbari sifatidagi bunyodkorona faoliyatingiz O‘zbekistonning jadal rivojlanishi, uning xalqaro nufuzini mustahkamlash va fuqarolar farovonligini yuksaltirishning ishonchli poydevori bo‘ldi. Sizning oqilona va uzoqni ko‘ra biladigan rahbarligingiz ostida mamlakat keng ko‘lamli islohotlar yo‘lidan dadil olg‘a bormoqda”, degan u.
To‘qayev Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston bilan yaxshi qo‘shnichilik va har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qat’iy intilishini chin dildan qadrlashini ta’kidlagan.
“Ishonchim komil, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan ikki tomonlama hamkorlikda erishilgan yutuqlarni yanada ko‘paytiramiz hamda Qozog‘iston-O‘zbekiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yangi marralarga olib chiqamiz.
Ushbu qutlug‘ kunda sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat, oilaviy baxt-saodat, qardosh o‘zbek xalqi farovonligi yo‘lidagi mas’uliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi zafarlar tilayman”, deyiladi tabrik matnida.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Prezident Mirziyoyev boshlagan islohotlar – davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimini takomillashtirish, yoshlar va xotin-qizlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish, hududlarni rivojlantirish, qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin aloqalarni mustahkamlash o‘z samarasini berayotganini qayd etgan.
“Hurmatli Shavkat Miromonovich! Sizni tug‘ilgan kuningiz bilan chin dildan tabriklayman! Sizning uzoqni ko‘ra biladigan qat’iy rahbarligingiz tufayli O‘zbekiston iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalarda sezilarli o‘zgarishlarga erishdi, xalqaro maydonda o‘z mavqeini salmoqli darajada mustahkamladi”, deyiladi Japarovning qutlovida.
Japarov qardosh xalqlar o‘rtasidagi yaqin va do‘stona munosabatlar, shuningdek, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik bundan buyon ham izchil mustahkamlanib, rivojlanib borishiga ishonch bildirgan.
“Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va porloq kelajak tilayman”, deyiladi tabrikda.
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ham barcha davlat rahbarlari kabi Prezident Mirziyoyevga mustahkam sog‘lik va ulkan zafarlar tilagan.
“Qadrli Shavkat Miromonovich! Sizni tug‘ilgan kuningiz bilan chin qalbimdan tabriklayman! Aziz birodarim, hayotingizdagi ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan eng ezgu tilaklarimni qabul qiling. Sizga mustahkam sog‘lik, oila a’zolaringiz va yaqinlaringiz davrasida uzoq va baxtli umr, shuningdek, bitmas-tuganmas g‘ayrat hamda qardosh O‘zbekiston xalqi ravnaqi yo‘lidagi barcha reja va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda ulkan zafarlar tilayman”, degan u.
U O‘zbekiston rahbarining mintaqaviy hamkorlikni do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va ishonch kabi mustahkam tamoyillar asosida rivojlantirish va kengaytirishga qo‘shayotgan ulkan hissasini yuksak qadrlashini bildirgan.
“Tojikiston va O‘zbekiston xalqlarining tarixiy yaqinligidan kuch olgan do‘stona munosabatlar va bunyodkor hamkorlikni samarali rivojlantirish bo‘yicha siz bilan doimiy sa’y-harakatlarimizni mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman. Shu ma’noda, men chuqur ishonchga asoslangan yaqin shaxsiy munosabatlarimizga alohida e’tibor qarataman.
Ushbu quvonchli fursatdan foydalanib, Tojikiston tomonining davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik va ittifoqchilik sherikligini ikki va ko‘p tomonlama maydonda yanada mustahkamlash bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishdan doimo manfaatdor ekanini ta’kidlamoqchiman”, degan Rahmon.
Ma’lumot uchun, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 68 yoshga to‘ldi. Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi. 1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi. 1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.
Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.
Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.
U 2016, 2021 va 2023 yillarda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda uning otasi, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston rahbariga tabrik yo‘llagandi. Prezident Putin esa o‘z qutlovida Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shayotganini ta’kidlagan. Xitoy rahbari Si Szinpin O‘zbekiston bilan munosabatlarga alohida e’tibor qaratishini aytdi. Aliyev o‘z tabrigida Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat tufayli O‘zbekiston har tomonlama rivojlanib, barcha sohalarda salmoqli yutuqlarga erishgani, iqtisodiy salohiyatini mustahkamlab, xalqaro maydonda katta obro‘-e’tibor qozonganini ta’kidlagan. Erdo‘g‘an O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga sodiqligini aytdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr