Markaziy Osiyo prezidentlari yana bir sammitda yig‘iladi
Olam
−
17 iyul 2023
9312Joriy yilning 18-19 iyul kunlari Saudiya Arabistonida Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi davlatlari rahbarlarining birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning matbuot xizmati xabar berdi.
“2023 yilning 18-19 iyul kunlari Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Saudiya Arabistoni Podshohligiga amaliy tashrif bilan boradi va “Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashi” davlat rahbarlarining sammitida ishtirok etadi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Qirg‘iziston Prezidenti Administratsiyasining Tashqi siyosat bo‘limi mudiri Muratbek Azimbakiyev ham Prezident Sadir Japarovning mazkur sammitdagi ishtirokini tasdiqlagan.
“Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz al Saudning taklifiga binoan 18-20 iyul kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligiga Davlat rahbarlarining birinchi sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan boradi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.
Bildirilishicha, ushbu tadbir doirasida davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi.
“Qayd etish joizki, bu mintaqalar tarixida davlat rahbarlarining bunday formatdagi birinchi sammiti”, deydi Muratbek Azimbakiyev.
Tashrif doirasida To‘qayev ham, Japarov ham Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Ammo Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning borish-bormasligi haqida hozircha rasmiy axborot berilganicha yo‘q.
LiveBarchasi