Markaziy Osiyo davlatlari terrorizmga qarshi AQSH yordamida kurashmoqchi
Olam
−
28 fevral 2023
6361Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar idoralari rahbarlari va AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bugun, 28 fevral kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan C5+1 formatidagi uchrashuvda terrorizmga qarshi kurash va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi Blinken bilan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“C5+1 mexanizmi Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishga ko‘maklashish uchun samarali mintaqaviy diplomatik platforma sifatida o‘zini namoyon qildi. Tadbir davomida oziq-ovqat xavfsizligi, terrorizmga qarshi kurash, energetika va ekologiya sohasidagi hamkorlik kabi keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi”, deydi Tleuberdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston AQSHning Markaziy Osiyo mintaqasi bilan hamkorlikni mustahkamlashga sodiqligini yuqori baholaydi.
“Mamlakatimiz o‘zining diplomatik ustuvorliklariga muvofiq ko‘p vektorli va muvozanatli tashqi siyosatini davom ettirmoqda. Markaziy Osiyo va AQSH bizning asosiy hamkorlarimiz bo‘lib qolmoqda. Bu C5+1 formatini mezbon sifatida biz uchun mintaqaviy hamkorlikning tegishli mexanizmiga aylantiradi”, deydi u.
Blinkenning Markaziy Osiyoga tashrifi
Kecha, 27 fevral kuni kechqurun AQSH Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken ilk rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonga keldi. Bugun, 28 fevral kuni u Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev qabulida bo‘ldi. Uchrashuv chog‘ida respublika rahbari AQSH bilan strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini aytdi.
Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH Tashqi ishlar idoralari rahbarlari 28 fevral kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonada C5+1 formatida energetika, iqtisodiyot va terrorizmga qarshi kurash masalalari, shuningdek, xalqaro muammolar, jumladan, Ukraina atrofida vaziyatni muhokama qildi.
C5+1 formati Markaziy Osiyoning beshta davlati (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston) va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning ko‘p tomonlama mexanizmi hisoblanadi. U 2015 yilda iqtisodiyot, ekologiya va xavfsizlik sohalaridagi mintaqaviy muammolarni muhokama qilish uchun tashkil etilgan.
Blinken 1 mart kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarayotgan Baxtiyor Saidov bilan muzokaralar o‘tkazadi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ladi. U 1 mart kuni Nyu-Dehliga jo‘nab ketadi.
LiveBarchasi