Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyadagi yonilg‘i tanqisligi ortidan yangi import manbalarini izlamoqda
Olam
−
08 avgust 4140 4 daqiqa
Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyadan yonilg‘i yetkazib berish hajmining kamayishi fonida ta’minot manbalarini diversifikatsiya qilmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Belarus, Xitoy, Turkmaniston va boshqa davlatlardan importni oshirish choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda “Eurasianet” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ukrainaning Rossiya energetika infratuzilmasiga takroriy dron hujumlari Moskvada ichki yonilg‘i tanqisligini kuchaytirgan. Shu sababli Rossiya benzin va aviakerosin kabi neft mahsulotlari eksportini cheklashga majbur bo‘lmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshigacha Qirg‘iziston va Tojikiston yonilg‘i ta’minotining qariyb 90 foizini Rossiyadan olgan. Biroq iyul oyi oxirida Rossiya Qirg‘izistonning yil oxirigacha bo‘lgan ehtiyojining faqat yarmiga yaqin qismini yetkazib berishga rozi bo‘lgan. Bu oyiga taxminan 100 ming tonna neft mahsulotlari degani. Shu munosabat bilan Bishkek O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan kichik hajmdagi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishgan, shuningdek, Belarus va Xitoydan yonilg‘i olishni yo‘lga qo‘ygan.
Nashrga ko‘ra, Qirg‘iziston hukumati Turkiya va Yevropa Ittifoqidan qo‘shimcha yonilg‘i olish bo‘yicha ham muzokaralar olib bormoqda. Qirg‘iziston, shuningdek, ichki ehtiyojni qoplash imkoniyatini oshirish uchun neftni qayta ishlash zavodi qurilishi loyihasini tezlashtirmoqda. Zavod yiliga qariyb 450 ming tonna neft mahsuloti ishlab chiqarishi va mamlakat yillik ehtiyojining deyarli chorak qismini qoplashi prognoz qilingan. Korxona 2026 yil oxirida ishga tushirilishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, Tojikiston iyul oyida Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan yonilg‘i importini iyun oyiga nisbatan uch baravar oshirib, 34 ming tonnaga yetkazgan. Ayni paytda esa Rossiyadan benzin yetkazib berish qariyb ikki barobar kamayib, 14 ming tonnadan biroz oshgan. Manbaga ko‘ra, Dushanbe qo‘shimcha ta’minot bo‘yicha Qozog‘iston va Xitoy bilan muzokara qilmoqda. Tojikiston Energetika vazirligi mamlakatdagi yoqilg‘i zaxiralari taxminan 60 kunga yetishini bildirgan.
Nashrning qayd etishicha, O‘zbekiston Rossiya energetikasiga nisbatan kamroq qaram hisoblanadi. Mamlakatda oyiga 100 ming tonnagacha neft mahsuloti ishlab chiqarish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu ichki ehtiyojning qariyb 60 foizini qoplaydi. Qolgan ehtiyojni ta’minlash uchun Toshkent Gruziya, Iroq va boshqa davlatlar bilan yangi kelishuvlarga erishishga urinmoqda.
Shuningdek, maqolaga ko‘ra, O‘zbekiston uchun ayni paytdagi asosiy muammolardan biri aviakerosinga talabning keskin oshishi bo‘lmoqda. Geosiyosiy vaziyatning keskinlashishi tufayli Markaziy Osiyo orqali amalga oshirilayotgan aviareyslar soni, xususan, Rossiyadan O‘zbekistonga parvozlar ko‘paygan. Shu sababli ichki ishlab chiqarishni oshirish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston rasmiylari mamlakatdagi yonilg‘i zaxiralari ikki-uch oyga yetishini bildirgan. Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadalinov kuz-qish mavsumini jiddiy muammolarsiz o‘tkazish mumkinligiga ishonch bildirgan.
Tojikiston va O‘zbekiston ham ichki neft-gaz zaxiralarini izlash ishlarini kuchaytirmoqda. Dushanbe geologik tadqiqotlarda Xitoy kompaniyalarini jalb qilgan bo‘lsa, Toshkent neft-gaz sohasidagi salohiyatini oshirish, jumladan, AQSHning SLB kompaniyasi bilan hamkorlikda seysmik ma’lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish rejalarini ilgari surgan.
Qozog‘iston va Turkmaniston esa ichki neft mahsulotlari ehtiyojini asosan o‘zlari qoplaydi. Shuning uchun ular qo‘shni davlatlarga qo‘shimcha eksport orqali daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Manbaga ko‘ra, Rossiya–Ukraina urushi qancha uzoq davom etsa, Markaziy Osiyoda shakllanayotgan yangi yonilg‘i ta’minoti tizimi shuncha ko‘proq mustahkamlanishi mumkin. Bu esa uzoq muddatda Rossiyaning mintaqadagi yonilg‘i bozoridagi ulushini qisqartirib, Kreml daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimolini oshiradi.
Shuningdek, Rossiyadagi yonilg‘i tanqisligi jiddiylashganining yana bir belgisi sifatida Moskva Qozog‘istonda Rossiya neftini qayta ishlash imkoniyatini muhokama qilmoqda. Dastlabki rejaga ko‘ra, Qozog‘istonda qayta ishlangan mahsulotlar ichki bozorda sotilishi, shuningdek, Rossiyaga qaytarib yetkazib berilishi mumkin. Bu Rossiya neft mahsulotlarini Ukraina hujumlaridan himoya qilishga yordam berishi qayd etilgan, ammo bu Kreml daromadlarini qisqartirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston yonilg‘ining barqaror yetkazib berilishini ta’minlash va yonilg‘i-moylash mahsulotlari (YOMM) taqchilligi yuzaga kelishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston va bir qator boshqa davlatlarga rasmiy murojaatlar yo‘llagan edi.
Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Odilbek Qosimaliyev “Kabar” agentligiga bergan intervyusida Qirg‘iziston hukumati O‘zbekiston bilan har oy 20 ming tonna yonilg‘i yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazganini aytgandi.
Live
Barchasi