Markaziy Osiyo davlatlari Chordara suv ombori bo‘yicha kelishib oldi
Jamiyat
−
15 noyabr 7953 2 daqiqa
Markaziy Osiyo davlatlari Chordara suv omboriga vegetatsiyalararo davrda kelishi kutilayotgan suv miqdori bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Qozog‘iston Suv xo‘jaligi va irrigatsiya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ashxobodda 13 noyabr kuni Turkmaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston suv xo‘jaligi idoralari rahbarlari va Qirg‘iziston kuzatuvchisi ishtirokida Davlatlararo suv xo‘jaligi muvofiqlashtirish komissiyasining 91-yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.
Unda tomonlar 2025 yilgi vegetatsiya davri yakunlarini sarhisob qilib, 2025-2026 yillardagi vegetatsiyalararo davrda Norin-Sirdaryo suv omborlari kaskadining ish rejasi bashoratini tasdiqlagan. Reja doirasida Chordara suv omboriga kelishi kutilayotgan suv miqdori kelishib olingan.
“Markaziy Osiyo davlatlari 2025-2026 yillardagi vegetatsiyalararo davrda Chordara suv omboriga kelishi kutilayotgan suv miqdorini kelishib oldi. O‘tgan sug‘orish mavsumi murakkab iqlim sharoitida kechdi, biroq Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasi (DMSHK) tarkibidagi barcha davlatlarning hamkorligi tufayli vegetatsiya davrining barqaror o‘tishini ta’minlash mumkin bo‘ldi. Bunday yig‘ilishlarda kelajakdagi hamkorlik uchun zamin yaratiladi”, deydi Qozog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov.
Uchrashuvda ishtirokchilar Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi asoschisi davlatlar rahbarlarining sammitlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish masalalarini ham muhokama qilishgan. DMSHKning navbatdagi 92-yig‘ilishi Tojikistonda o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, Chordara suvombori Sirdaryoning o‘rta oqimida sug‘orish energetika maqsadlarida barpo etilgan gidrotexnika inshooti bo‘lib, u Qozog‘iston Respublikasi Janubiy Qozog‘iston viloyati va O‘zbekiston Respublikasining Jizzax viloyati hududlarida joylashgan. Suvombor 1965 yilda qurib bitkazilgan, 1965-1968 yillarda suv bilan to‘ldirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyo mamlakatlari “Made in Central Asia” brendi ostida qo‘shma ishlab chiqarish maydonlarini shakllantirishni reja qilayotgani ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi