Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda brend yaratmoqchi
Jamiyat
−
14 noyabr 2025 8795 2 daqiqa
Markaziy Osiyo mamlakatlari “Made in Central Asia” brendi ostida qo‘shma ishlab chiqarish maydonlarini shakllantirishni reja qilyapti. Bu haqda kecha, 13 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mamlakatlarining savdo va investitsiyalar vazirlari kengashining birinchi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilish davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining savdo va investitsiya vazirlari o‘zaro savdoni rivojlantirish va sanoat integratsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan kompleks choralarni muhokama qildi. Tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha samarali mexanizmlarni yaratish, “Made in Central Asia” brendi ostida qo‘shma ishlab chiqarish maydonlarini shakllantirish, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va yirik investorlarni infratuzilma hamda sanoat loyihalariga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga ko‘ra, mamlakatning Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro savdosi barqaror sur’atlarda o‘sib bormoqda. Agar 2017 yilda tovar ayirboshlash hajmi 3,2 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 6,9 mlrd dollarga yetgan. Xususan, Qozog‘iston bilan savdo hajmi 4 mlrd dollarga yaqinlashmoqda, Qirg‘iziston bilan 700 mln dollarga, Tojikiston bilan 570 mln dollardan oshgan, Turkmaniston bilan esa so‘nggi besh yilda savdo ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 1,15 mlrd dollarga yetgan. Ozarbayjon bilan savdo aylanmasi esa yil boshidan buyon 13 foizga o‘sgani qayd etildi.
Yig‘ilish davomida bojxona va chegara tartib-taomillarini yanada optimallashtirish, transport-logistika infratuzilmasini uyg‘unlashtirish, ishlab chiqarish zanjirlarini birlashtira oladigan sanoat xablarini yaratish zarurligi ta’kidlandi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, xomashyo va texnologik imkoniyatlarni birgalikda o‘zlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar eksportini kengaytirish masalalari alohida muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 noyabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi