Markaziy Osiyo o‘z kelajagini belgilashga qodir mintaqaga aylandi – Saidov
Jamiyat
−
16:10 360 4 daqiqa
Markaziy Osiyo yanada kuchli va jips mintaqaga aylanib, o‘z kelajagini belgilash hamda xalqaro jarayonlarga hissa qo‘shish salohiyati tobora ortib bormoqda. Bu haqda bugun, 19 oktyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov “C5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvida gapirdi.
“Bugun biz “C5+1” sherikligiga yangi strategik mazmun berish imkoniyatiga egamiz. Hamkorligimizning keyingi bosqichi nafaqat ikki tomonlama aloqalarni kengaytirishga, balki Markaziy Osiyoning yaxlit va yangi imkoniyatlarga boy mintaqa sifatidagi salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilishi lozim”, deydi O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan “C5+1” vazirlar uchrashuvining ochilishida.
Vazir AQSH Davlat kotibi Marko Rubioni O‘zbekistonga ilk tashrifi bilan qutlab, uning va jamoasining O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholagan.
Shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan Markaziy Osiyoga va mintaqa bilan hamkorlikning kengayib borayotgan imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etilgan.
Vazir O‘zbekiston va AQSH Prezidentlari o‘rtasida shakllangan do‘stona va o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochganini ta’kidlagan.
Uchrashuvning aynan Samarqandda o‘tayotgani ramziy ahamiyatga ega. 2015 yilda ilk “C5+1” vazirlar uchrashuvi ham shu shaharda bo‘lib o‘tgan. O‘tgan davr mobaynida formatning kun tartibi kengaygan, hamkorlik mexanizmlari mustahkamlangan, Markaziy Osiyoning o‘zi esa yanada jips va o‘z kelajagini shakllantirishga qodir mintaqaga aylangan.
“Kuchli, barqaror va farovon Markaziy Osiyo barcha davlatlarimiz va xalqaro hamkorlarimiz manfaatlariga javob beradi”, deydi vazir.
O‘zbekiston “C5+1” Kotibiyatidagi hamraislikni qabul qilar ekan, erishilgan natijalarni davom ettirish, hamkorlikning uzviyligini ta’minlash hamda kelishuvlarni amaliy natijalarga aylantirishga tayyorligini bildirgan.
.jpg)
Vazir Samarqand asrlar davomida xalqlar, bozorlar, bilim va g‘oyalarni bog‘lab kelganini ta’kidlab, bugungi uchrashuv Markaziy Osiyo va AQSHni yanada yaqinlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘lishiga ishonch bildirgan.
“Markaziy Osiyo yanada kuchli va jips mintaqaga aylanib, o‘z kelajagini belgilash hamda xalqaro jarayonlarga hissa qo‘shish salohiyati tobora ortib bormoqda”, deydi Saidov.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Samarqanddagi “C5+1” vazirlar uchrashuvida mintaqada yuz berayotgan o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratgan. Kuchli, barqaror va farovon Markaziy Osiyo barcha davlatlar hamda xalqaro hamkorlar manfaatlariga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Vazir hamkorlikning navbatdagi bosqichida Markaziy Osiyoning yangi imkoniyatlarga ega, o‘zaro integratsiyalashgan mintaqa sifatidagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish muhimligini qayd etgan. Bu borada iqtisodiy bog‘liqlikni mustahkamlash, ilg‘or texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish hamda jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.
“Ustuvor yo‘nalishlarimizdan biri sifatida muhim minerallar sohasida geologik qidiruv va mineral xomashyoni qayta ishlashdan tortib, mahalliy sanoat klasterlarini tashkil etishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi strategik sheriklikni rivojlantirishni taklif etamiz”, deydi O‘zbekiston TIV rahbari.
Vazir Markaziy Osiyoning boy resurslari, o‘sib borayotgan bozorlari, inson kapitali va strategik geografik joylashuvini AQSHning ilg‘or texnologiyalari, investitsiyaviy kapitali hamda tadbirkorlik tajribasi bilan uyg‘unlashtirish muhimligini ta’kidlagan.
“Bizning umumiy vazifamiz — ushbu ustunliklarni birlashtirib, xalqlarimizga aniq manfaat keltiradigan uzoq muddatli sheriklikni barpo etishdir”, deydi vazir.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov “C5+1” vazirlar uchrashuvidagi nutqining yakunidaMarkaziy Osiyoning boy resurslari, o‘sib borayotgan bozorlari, inson kapitali va strategik geografik joylashuvini AQSHning ilg‘or texnologiyalari, investitsiyaviy kapitali hamda jahon darajasidagi tadbirkorlik tajribasi bilan uyg‘unlashtirish muhimligini ta’kidlagan.
Vazir asrlar davomida xalqlar, bozorlar, bilim va g‘oyalarni bog‘lab kelgan Samarqandning tarixiy roliga yangi mazmun bag‘ishlab, Markaziy Osiyo va AQSHni yanada yaqinlashtirish imkoniyati mavjudligini qayd etgan.
“Bugungi uchrashuv ana shu kelajak sari muhim qadam bo‘lishiga umid qilaman”, deya Baxtiyor Saidov o‘z nutqini yakunlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Baxtiyor Saidov Marko Rubio bilan uchrashgani haqida xabar berilgan edi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tomoni NASA bilan hamkorlikni kengaytirishga imkon beruvchi Artemida bitimlarini imzoladi.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Marko Rubio bilan birgalikda Samarqanddagi mashhur Registon maydonida bo‘lgani xabar qilingan edi.
Live
Barchasi