Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

Jamiyat

image

Bugun, 28 dekabr kuni O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 14 foiz darajasida – o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi. 

Bankka ko‘ra, 2025 yil dekabr oyida umumiy inflyatsiya prognoz doirasida shakllanib, yillik 7,3 foizgacha pasaygan. Inflyatsiyaning pasayishiga qat’iy pul-kredit sharoitlari, almashuv kursining mustahkamlanishi va import narxlari ta’sirlarida bazaviy inflyatsiyaning sekinlashuvi hissa qo‘shgan. Xususan, dekabr oyida bazaviy inflyatsiya yillik hisobda 5,7 foizgacha pasaygan.

Xizmatlar inflyatsiyasi ma’lum darajada sekinlashganiga qaramasdan, talab omillari ta’sirida umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar pasayish tendensiyasidan to‘xtab, dekabr oyida bir oz o‘sishi qayd etilgan.

Ushbu omillar inflyatsiyani target darajasigacha barqaror pasaytirish uchun pul-kredit sharoitlarini uzoqroq muddat qat’iy saqlab qolish zarurligini ko‘rsatadi.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya darajasi 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Yuqori investitsion faollik, fiskal xarajatlar va pul o‘tkazmalarining ortib borishi iqtisodiyotda daromadlar o‘sishi hamda iste’mol talabini joriy yilda ham rag‘batlantiruvchi omil bo‘ladi.

Bundan tashqari, ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari taklifi bilan bog‘liq xatarlar hamda qish mavsumida ta’minotdagi uzilishlar kelgusi oylarda oziq-ovqat hamda xizmatlar narxlariga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Tashqi iqtisodiy muhitda noaniqliklar saqlanib qolishiga qaramasdan umumiy ta’sirlar nisbatan mo‘’tadil bo‘lishi kutilmoqda. Asosiy savdo hamkor mamlakatlarda inflyatsiya pasayish trendiga o‘tdi, jahon iqtisodiyotida o‘sish sur’atlari kutilganidan yuqori shakllandi.

Qimmatbaho metallar narxlarining yuqori darajada o‘sishi kelgusida ham eksport tushumlari va byudjet daromadlari tarkibida salmoqli ulushga ega bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Ichki valyuta bozorida xorijiy valyuta taklifining eksport tushumlari, xorijiy kreditlar va pul o‘tkazmalari sub’ektlarining qo‘llab-quvvatlanishi 2025 yilda so‘mning 6,9 foizga mustahkamlanishiga xizmat qildi.

Joriy iqtisodiy va investitsion faollik fonida yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’atlari 6,5-7 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 11 dekabr kuni O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 14 foiz darajasida – o‘zgarishsiz qoldirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank asosiy stavka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing