Marg‘ilonda uyida 37 kg giyohvand modda saqlagan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
02 iyul
4265Joriy yilning 29 iyun kuni marg‘ilonlik fuqaroning bog‘idan 37 kilogrammdan ziyod narkotik va marixuana butalar topildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyati IIB hamda Marg‘ilon shahar IIB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Qoradori 2024” tadbirida 1971 yilda tug‘ilgan, “Tuyagum” MFYda yashovchi A.K.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, u xonadonidagi ekin maydonida 13 tup marixuana giyohvand o‘simligini parvarishlab kelayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, A.K. 10 dona 3 litrli idishda 12 kg 537 gr ko‘knori boshoqlarini, 2 dona 3 litrli idishda 2 kg 570 gr marixuana moddasini, oq polietilen paketda esa 41 gr gashish giyohvandlik moddasini hamda oq polietilen qopda 22 kg 550 gr ko‘knori somonini saqlab kelayotganligi aniqlangan. Jami olingan giyohvand moddalar miqdori 37 kilogrammdan ziyodni tashkil qildi.
“Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistondan olib kelingan jami 25,8 kg gashishni sotayotganlar aniqlangandi.
LiveBarchasi