Marg‘ilon bozoridagi yong‘in uyushtirilganmidi? Bosh prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytdi
Jamiyat
−
09 iyun 2019
7512Avvalroq, kecha, 8 iyundan 9 iyunga o‘tar kechasi Marg‘ilon shahrida joylashgan yirik oziq-ovqat bozorida yong‘in chiqqani, tongga qadar bozorning ko‘p qismi yonib, kulga aylangani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur yong‘in yuzasidan olingan tezkor ma’lumotlarni ochiqladi.
Bosh prokuraturadan ma’lum qilishlaricha yong‘in soat 02:10 da Marg‘ilon shahar, Pichoqchi MFY, Hiyobon ko‘chasi, 174A-uyda joylashgan “Marg‘ilon umumiy ulgurji savdo” MCHJga qarashli ulgurji va chakana tovarlar sotishga ixtisoslashtirilgan 3-sonli savdo pavilonida chiqqan.
Aniqlanishicha, pavilonda tungi navbatchilikda qolgan Sh.I. soat 02:00 larda 3-sonli savdo paviloni tom qismidagi elektr simida qisqa tutashuv bo‘lib, kuchli chaqnash yuz berganligini va natijada yong‘in kelib chiqqanligini ko‘rib, binoni elektr tarmog‘idan uzib, bu haqda darhol Marg‘ilon shahar yong‘in qutqaruv qismiga xabar bergan.
Soat 02:10 da yong‘in qutqaruv xodimlari hodisa joyiga yetib borgan va soat 04:20 da yong‘in bo‘lgan hudud qurshab olingan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yong‘in soat 05:40 da bartaraf etilgan. Kelib chiqqan yong‘in natijasida halok bo‘lganlar va tan jarohati olganlar bo‘lmagan. Hozirda yong‘inni kelib chiqish sabablari va buning oqibatida tadbirkorlarga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.
Yong‘in oqibatida bozorning 1575 kv metr maydonida tomi va ichki qismi va unda saqlanayotgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari yonib zararlangan.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish o‘rinliki, ushbu bozorda jami 243 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar savdo-sotiq faoliyati bilan shug‘ullanib keladi.
Mazkur holat yuzasidan Marg‘ilon shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 259-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergovning borishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan suratlar va videolarda izohlanishicha, yong‘in shunchaki sodir bo‘lmagan, aksincha, u uyushtirilgan bo‘lishi mumkin.
Yong‘in sodir bo‘lgan bino “Sobiq kamaz sexi” qurilish maydoni bo‘lib, u 10440,0 kv metr, ichki foydali maydoni 10349,50 kv metrni tashkil qiladi
LiveBarchasi