Maradonaning JCHdagi sardorlik bog‘ichi yarim mln dollarga sotildi

Sport

image

Argentinalik afsonaviy futbolchi Diyego Maradonaning 1986 yilgi Jahon chempionatida taqqan sardorlik bog‘ichi kimoshdi savdosida 512 ming dollarga sotildi. Bu haqda Sotheby’s auksion uyi matbuot xizmati xabar berdi.

Maradona ushbu bog‘ichni 1886 yilgi Jahon chempionatining barcha uchrashuvlari, jumladan, Angliyaga qarshi chorak final bahsida (2:1) ham taqib maydonga tushgan. O‘sha uchrashuvda Maradona ikki gol urgan va ulardan birini qo‘l bilan kiritgan. Keyinchalik bu gol futbol tarixida mashhur “Xudoning qo‘li” nomi bilan tanilgan.

Ma’lumot uchun, Diyego Armando Maradona futbol tarixidagi eng buyuk va betakror o‘yinchilardan biri bo‘lib, u 1960 yil 30 oktyabrda Argentinaning Buenos-Ayres shahri yaqinida dunyoga kelgan va 2020 yil 25 noyabrda 60 yoshida vafot etgan. Uning futbolchilik faoliyatidagi eng yuqori cho‘qqisi 1986 yilgi Jahon chempionatiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda u sardor sifatida Argentina terma jamoasini jahon chempionligiga boshlab borgan.

Klublar miqyosida Maradona Argentinaning “Boka Xuniors” va Ispaniyaning “Barselona” jamoalarida to‘p surgan bo‘lsa-da, uning eng yorqin va muvaffaqiyatli yillari Italiyaning “Napoli” klubi bilan bog‘liq. U o‘rtamiyona hisoblangan Neapol klubini o‘z ortidan ergashtirib, ikki bor Italiya chempionligi va UEFA kubogini olib bergan. Bu esa uni mahalliy muxlislar uchun haqiqiy afsonaga aylantirgan. Butun faoliyati davomida o‘zining noyob driblingi, tezkorligi va maydonni ko‘ra olish qobiliyati bilan ajralib turgan Maradona FIFA tomonidan Pele bilan bir qatorda 20-asrning eng yaxshi futbolchisi deb e’lon qilingan. Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, u murabbiylik bilan ham shug‘ullangan va 2008-2010 yillarda Argentina terma jamoasini boshqargan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliyaning uch karra jahon chempioni Pelening 1958 yilgi Jahon chempionati finalida kiygan formasi kimoshdi savdosida qariyb 5 million dollarga sotilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing