Maradonaning o‘limi bo‘yicha yangi sud jarayoni boshlandi

Sport

image

Kecha, 14 aprel kuni Argentinada futbol afsonasi Diyego Maradonaning o‘limi bo‘yicha yangi sud ishi boshlandi. Avvalgi jarayon janjal sababli bekor qilingan edi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Qayd etilishicha, qariyb uch oy davom etgan avvalgi sud jarayoni sudya Juliyeta Makintachning ishdan chetlatilishi sababli bekor qilingan. Sudya xolislikni yo‘qotganlikda va o‘ziga yaqin shaxslarga hujjatli film uchun majlislarni yozib olishga ruxsat berganlikda ayblangan.

“Biz sud bu vaziyatga adekvat yondashishiga, tergov qilinayotgan jinoyatning og‘irligini va eng muhimi, Diyego argentinaliklar hamda butun futbol olami uchun nimani anglatishini tushunishiga umid qilamiz”, deydi futbolchining kenja o‘g‘li Diyego Fernando Maradonaning advokati Mario Bodri.

Sudlanuvchilar kursisida o‘tgan galgidek yetti nafar tibbiyot xodimi, jumladan, psixiatr, neyroxirurg va psixolog o‘tiribdi. Ular Maradonaning o‘limiga sabab bo‘lgan ehtiyotsizlikda ayblanmoqda. Ularning barchasi “bilvosita qasd bilan sodir etilgan ehtiyotsizlik orqasidan odam o‘ldirish” ayblovini rad etmoqda. Agar ayblari isbotlansa, ularni 8 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi kutmoqda.

Himoyachi advokatlar tibbiy guruh xatoga yo‘l qo‘yganini inkor etib, futbolchi o‘limidan oldin bir qator sog‘liq muammolaridan aziyat chekkanini ta’kidlamoqda. Sakkizinchi ayblanuvchi, hamshira Daxiana Madrid esa ishini sudyalar hay’ati ko‘rib chiqishini so‘ragan va u alohida sud qilinadi (sanasi hali belgilanmagan). 

Hukm yil o‘rtalarigacha, sud ta’tillari boshlangunga qadar chiqarilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Maradona 2020 yil 25 noyabrda 60 yoshida vafot etgan edi. O‘limga o‘pka shishiga olib kelgan o‘tkir yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lgan. U 1986 yilgi jahon chempioni va FIFA talqiniga ko‘ra XX asrning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan.

2021 yilda 20 nafar ekspertdan iborat komissiya tibbiyot xodimlarining harakatlarini “noo‘rin, noadekvat va mas’uliyatsiz” deb topgan. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, agar Maradona tegishli tibbiyot muassasasida lozim darajada davolanganida, uning “omon qolish imkoniyati yuqoriroq bo‘lar edi”.


Maqola muallifi

Teglar

Diego Maradona Julieta Makintach

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing