Maradona qo‘li bilan gol urgan to‘p auksionga qo‘yildi
Sport
−
25 iyul 4122 2 daqiqa
1986 yilgi Jahon chempionatining Argentina va Angliya o‘rtasidagi chorak final o‘yini ikkinchi bo‘limida o‘ynalgan Adidas Azteca to‘pi Heritage auksioniga qo‘yildi. Bu haqda “My Seldon” xabar berdi.
Qayd etilishicha, aynan shu to‘p bilan Diyego Maradona avval qo‘li bilan gol urgan, 4 daqiqadan so‘ng esa Angliya terma jamoasining yarmini aldab o‘tib, “asr goli”ni rasmiylashtirgan. Deyarli 40 yil ichida to‘pning ancha havosi chiqqan va shaklini yo‘qotgan, ammo narxi arzonlashgani yo‘q.
Savdo 2,5 million dollardan boshlanadi, lot uchun esa 10 million dollargacha mablag‘ yig‘ish rejalashtirilmoqda.

2022 yilda to‘p 2,37 million dollarga sotilgan, ya’ni endilikda narx to‘rt baravardan ko‘proqqa oshishi mumkin. Agar xaridor topilsa, havosi chiqqan to‘p Diyego Maradonaning o‘sha o‘yindagi, 9,2 million dollarga sotilgan futbolkasidan ham qimmatroq bo‘lib chiqadi.
Ma’lumot uchun, Diyego Armando Maradona futbol tarixidagi eng buyuk va betakror o‘yinchilardan biri bo‘lib, u 1960 yil 30 oktyabrda Argentinaning Buenos-Ayres shahri yaqinida dunyoga kelgan va 2020 yil 25 noyabrda 60 yoshida vafot etgan. Uning futbolchilik faoliyatidagi eng yuqori cho‘qqisi 1986 yilgi Jahon chempionatiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda u sardor sifatida Argentina terma jamoasini jahon chempionligiga boshlab borgan.
Klublar miqyosida Maradona Argentinaning “Boka Xuniors” va Ispaniyaning “Barselona” jamoalarida to‘p surgan bo‘lsa-da, uning eng yorqin va muvaffaqiyatli yillari Italiyaning “Napoli” klubi bilan bog‘liq. U o‘rtamiyona hisoblangan Neapol klubini o‘z ortidan ergashtirib, ikki bor Italiya chempionligi va UEFA kubogini olib bergan. Bu esa uni mahalliy muxlislar uchun haqiqiy afsonaga aylantirgan. Butun faoliyati davomida o‘zining noyob driblingi, tezkorligi va maydonni ko‘ra olish qobiliyati bilan ajralib turgan Maradona FIFA tomonidan Pele bilan bir qatorda 20-asrning eng yaxshi futbolchisi deb e’lon qilingan. Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, u murabbiylik bilan ham shug‘ullangan va 2008-2010 yillarda Argentina terma jamoasini boshqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Diyego Maradonaning 1986 yilgi Jahon chempionatida taqqan sardorlik bog‘ichi kimoshdi savdosida 512 ming dollarga sotilgandi.
Live
Barchasi