Mantiqsiz qaror: Turkmanistonda oqdan boshqa rangdagi niqob taqiqlandi
Olam
−
10 fevral 2022
7971Turkmaniston poytaxti Ashxobod, shuningdek, Lebap va Bolqon viloyatlari aholisiga oq rangdan boshqa har qanday rangdagi niqob taqish taqiqlandi. Bu haqda “Turkmen news” xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, turkmanobodlik rasmiylar va maktab o‘quvchilariga faqat oq niqob taqish kerakligi aytilgan. Joriy yilning 6 fevralidan 18 fevraligacha maktablarda tekshirishlar o‘tkazilayotgani ma’lum qilingan. Qayd etilishicha, agar tekshiruvchilar niqobsiz yoki oq bo‘lmagan niqob taqqan bolalarni aniqlasa, o‘qituvchilar va direktorga tanbeh beriladi.
Bolqon viloyatining Turkmanboshi va Garabo‘g‘oz shaharlaridagi maktab va bog‘chalarda ham xodimlarga bolalarni qat’iy nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan, ota-onalar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularda bolalar faqat tibbiy niqob taqishlari kerakligi e’lon qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil dekabr oyida Ashxobodda yo‘l politsiyasi haydovchilarni faqat oq niqob taqish talabi bilan to‘xtatgan. Yanvar oyida poytaxt politsiyasi piyodalarga, shuningdek, oliy o‘quv yurtlari talabalari va maktab o‘quvchilariga ham shunday talablar qo‘ya boshlagani ma’lum bo‘lgan. Boshqa rangdagi niqob taqqanlik uchun jarima 50 manatni tashkil etadi.
Nima sababdan rangli niqoblar taqiqlangani tushuntirilmagan.
Xabarda aytilishicha, Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov ham nafaqat oq, balki rangli niqoblar taqib, ularni kiyimining rangiga moslashtiradi.
Avvalroq, joriy yilning 28 yanvar kuni Ashxobodda qora rangli tibbiy niqoblardan foydalanish butunlay taqiqlangandi.
Ma’lumot uchun, koronavirus pandemiyasi boshlangan vaqtda Turkmanistonda niqob taqish taqiqlangandi. Niqobda yurganlar “vahima uyg‘otishda” ayblangan. 2020 yil iyulida JSST missiyasining tashrifidan so‘ng, hukumat epidemiyaga qarshi sanitariya qoidalarini joriy eta boshladi, niqob taqishni majburiy qildi.
LiveBarchasi