Mansabdorlar fuqarolarni paxta terimiga jalb qilishi siyosatga zid – Bobur Bekmurodov

Jamiyat

image

Paxta yig‘im-terimi davom etayotgan hozirgi paytda O‘zbekistonning ayrim hududlarida odamlarni noqonuniy tarzda paxta terimiga jalb qilish holatlari kuzatilmoqda va bu jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lyapti. Vaziyatga munosabat bildirganlar orasida “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov ham bor. U o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida bunday holatlar bugungi O‘zbekistonning progressiv siyosatiga zid ekanini bildirdi. 

“Alohida mansabdor shaxslar va ayrim hokimlar tomonidan odamlarni ommaviy ravishda paxta yig‘im-terimiga jalb qilish harakatlari bugungi O‘zbekistonning progressiv siyosatiga zid. Bunday harakatlarga to‘laqonli barham berish, eskicha boshqaruv yondashuvlaridan batamom voz kechish zarur”, deydi Bobur Bekmurodov.

Deputatning fikricha, mamlakatda paxta sanoatining muhim o‘rnini inobatga olgan holda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va tegishli idoralar klasterlar va fermerlar o‘rtasidagi qiymat va foyda zanjirlarini qayta ko‘rib chiqishi lozim. 

“Klasterlar ijtimoiy mas’uliyatli biznes qoidalariga rioya qilishi, fermerlar bilan o‘zaro munosabatlarda ijtimoiy manfaatlarni inobatga olishlari shart”, deya ta’kidlaydi Bekmurodov.

Shuningdek, u O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va inson huquqlarini ta’minlash sohalaridagi islohotlar tufayli har mavsumda 6-7 million kishi, shu jumladan, ayollar, bolalar, talabalar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining majburiy mehnatiga barham berilganini qo‘shimcha qilgan.

“Qisqa davr ichida O‘zbekiston o‘nlab xalqaro tashkilotlar va hukumatlarning mazkur yo‘nalishdagi “qora ro‘yxatlari”dan chiqarildi, boykotlar bekor bo‘ldi. Mamlakatimizda majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanib, 300 dan ziyod mansabdorlar javobgarlikka tortildi”, degan Bekmurodov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlab, unda O‘zbekiston xalqi paxta qulligidan butkul ozod bo‘lganini qayd etgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa o‘quvchilarni paxta terimiga jalb qilish holati tasvirlangan rasmlar va xabarlar tarqalgandi. Holat yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi munosabat bildirib, tasvirlardagi bolalar qaysi maktablarda o‘qishini aniqlash o‘rniga, ular Qashqadaryo viloyatidagi 7-, 38-, 48-va 54-sonli maktablarda o‘qimasligini ma’lum qildi. Keyinchalik, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi rahbari yakshanba, dam olish kuni prokuror topshirig‘i bilan paxta dalasiga yuborilgani va qaytishda “avariya”ga uchragani haqida xabarlar tarqaldi.


Maqola muallifi

Teglar

Paxta Bobur Bekmurodov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing