Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod bo‘ldi – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
20 Sentabr 2023
4902O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi. Bu taklifni davlat rahbari kecha, 19 sentyabr kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev BMT minbarida O‘zbekiston global tahdidlarga qaramasdan, barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etayotganini aytib o‘tgan. Xususan, so‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim martadan ortiq ko‘paydi. Bosh maqsad – 2030 yilga qadar bu ko‘rsatkichni yana 2 barobarga oshirishdir.
Iqtisodiyotni liberallashtirish yo‘lidagi yana bir ustuvor vazifa – yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish ekani bildirilgan.
Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatda 2017 yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamaydi. 2030 yilgacha uni 7 foizga tushirish reja qilingan.
“Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz. Mazkur tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini yurtimizda o‘tkazishni taklif etaman”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.
Qayd etilishicha, yig‘ilish ishtirokchilarining e’tibori O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berish borasida erishilgan natijalarga qaratilgan.
“Bir asr mobaynida O‘zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentyabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi – o‘qituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinar edi. Buning oqibatida o‘zbek paxtasiga boykotlar e’lon qilingan, mamlakat esa yillar davomida “qora ro‘yxat”larga kiritilgan edi. Qat’iy irodamiz tufayli endi bularning barchasi o‘tmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod bo‘ldi”, deydi davlat rahbari.
LiveBarchasi