Allamjonovga suiqasd. Hafta tahlili
Tahlil
−
27 Oktabr
820227 oktyabr kuni mahalliy kengashlar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini kutayotgan o‘zbekistonliklar 26 oktyabr kuni O‘zbekistonda deyarli uchramaydigan, kamdan-kam holatda asosan oddiy odamlar bilan kuzatiladigan shov-shuvli xabar bilan tong ottirdi. Bu ham bo‘lsa O‘zbekiston Prezidentining sobiq matbuot kotibi, Prezident Administratsiyasining sobiq amaldori, ko‘plab muammoli vaziyatlarning markazida turuvchi Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirilishi bilan bog‘liq voqea.
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirildi
26 oktyabr kuni Toshkent viloyati Qibray tumanidagi uyi yaqinida Komil Allamjonov qurolli hujumga uchragan. Ikki noma’lum shaxs u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzib, hodisa joyidan yashiringan. Allamjonovga ham, uning haydovchisiga ham zarar yetmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Allamjonov uyi yaqinidagi poyezd yo‘lidan o‘tayotganda uning avtomobilini kutib turgan mototsikldan to‘pponcha orqali bir necha bor o‘q uzilgan.
Allamjonovga nisbatan suiqasdni Bosh prokuratura ham tasdiqladi. Prokuraturaga ko‘ra, Komil Allamjonov ketayotgan Range Rover rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashiringan.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Aytilishicha, gumon qilinuvchi shaxslarni aniqlash va ushlash yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda. Hozirda tegishli idoralarning malakali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Allamjonov o‘tgan oy Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimidan ketib, xususiy sektorda faoliyatini davom ettirishini e’lon qilgandi.
7 yashar qizchaga o‘gay otasi jinsiy zo‘ravonlik qilgani aytildi
Joriy hafta ijtimoiy tarmoq yana voyaga yetmagan qizga uyatsiz, shahvoniy harakatlar qilingani haqidagi yetarli dalillar bor ma’lumot bilan larzaga keldi. Qarshi shahrida yashovchi voyaga yetmagan qizaloqning o‘gay otasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragani haqidagi hikoyasi yolg‘on emas, uni isbotlovchi fotosuratlar ham bor.
Aniqlanishicha, 12 oktyabr kuni Qarshi shahrida yashovchi (ayol) Qashqadaryo viloyati IIBga murojaat qilib, 2021 yildan u bilan birga yashab kelayotgan turmush o‘rtog‘i ayolning 2017 yilda tug‘ilgan qiziga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik harakatlarini qilgani to‘g‘risida xabar bergan.
Holat yuzasidan Qarshi shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi darhol tergovga qadar tekshiruv boshlab, kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlarini olib borgan. Bolaga nisbatan esa tegishli sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Mazkur holat bo‘yicha Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan o‘z kuzatuvini davom ettirmoqda. Ish borishi yuzasidan qo‘shimcha tarzda ma’lumot berilishi bayon qilindi.
Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan sobiq mansabdor Turkiyada qo‘lga olindi
Bir vaqtlar O‘zbekistonning birinchi Prezidentining Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan va u boshchiligidagi loyihalarda faol qatnashgan, Ayollar kengashi respublikasi jamoat birlashmasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan Hadicha Musayevna Jafarova Turkiyada qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligidan xabar qilinishicha, Jafarova Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Turkiyada qo‘lga olingan. 73 yashar sobiq mansabdor 2011-2013 yillarda bank-moliya xususiy sektorida yuqori lavozimlarda ishlagan.
Jafarova jinoiy uyushma tashkil etish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, o‘zgalarning mulkini juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish, firibgarlik, soxta tadbirkorlik kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, 2014 yildan, aynan Gulnora Karimova va unga tegishli korxona-tashkilotlar ustida tergov ishlari boshlangandan buyon qidiruvda bo‘lgan.
O‘zbekiston Bosh konsulligi Jafarovaning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan Ichki ishlar vazirligi yoxud uning quyi tizimlariga murojaat qilishni so‘ragan, jinoiy javobgarlikdan qochib, xorijiy davlatlarda yashirinib yurgan har bir shaxsga nisbatan jinoiy ta’qib izchil ravishda davom ettirilishi va jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qat’iy ta’minlanishini eslatgan.
BRICS sammitida nimalar bo‘ldi?
Tugayotgan haftaning 24 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi Qozon shahrida Rossiya boshchiligidagi BRICS sammiti bo‘lib o‘tdi va u birinchi marta 24 ta davlat rahbari hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ishtiroki bilan yodda qoldi. Ushbu tadbir 2022 yilda Rossiya qo‘shinlari tinch Ukrainaga bostirib kirganidan buyon tashkil etilgan eng yirik xalqaro anjuman bo‘ldi.
Sammitda BRICS’ga a’zo davlatlarning aksariyat yetakchilari ishtirok etdi. Ular orasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Xitoy rahbari Si Szinpin, Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosa, Efiopiya Bosh vaziri Abiy Ahmad Ali ham bor.
Sammitda Saudiya Arabistoni tomonidan Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon Ol Saud ishtirok etdi. Uning bayonotiga ko‘ra, Saudiya tomoni yig‘ilishda taklif etilgan davlat sifatida qatnashdi. Shunga qaramay, tashkilotchilar Saudiya Arabistonini alyansning to‘laqonli a’zosi sifatida qabul qildi va Qozondagi sammit o‘tkaziladigan joylarda Saudiya Arabistoni bayrog‘i BRICS’ga a’zo boshqa davlatlar bayroqlari bilan birga o‘rnatildi.
BRICS mamlakatlari yetakchilaridan biri, Braziliya Prezidenti Lula da Silva jarohati sabab Rossiyaga tashrifini to‘xtatishga majbur bo‘ldi va sammitda videoaloqa orqali ishtirok etdi.
Sammitga Kuba Kommunistik partiyasining birinchi kotibi Migel Dias-Kanel taklif qilingan, biroq elektr stansiyasining nosozligi va mamlakatda elektr toki butunlay o‘chib qolgani sababli Kubada qolgan. Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Yevropa Ittifoqi vakillarining Serbiyaga bir vaqtning o‘zida bo‘lib o‘tgan tashrifi tufayli sammitda ishtirok eta olmadi.
BRICS’ga a’zo davlatlar delegatsiyalaridan tashqari sammitda Ozarbayjon, Belarus, Venesuela, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Turkiya, Falastin Prezidentlari ham ishtirok etdi.
Rossiya Ukrainaga urush boshlab, dunyo tartibotini buzib yuborgan bir paytda Qozondagi sammitda G‘azodagi Isroil qirg‘ini muhokama qilindi. BRICS mamlakatlari delegatsiyalari Yaqin Sharqdagi voqealardan chuqur xavotir bildirdi.
“Biz bosib olingan Falastin hududidagi vaziyatning yomonlashuvi va insonparvarlik inqirozi, xususan, Isroil harbiy amaliyoti oqibatida G‘azo sektori va G‘arbiy Sohilda ommaviy o‘lim va jarohatlarga olib kelgan zo‘ravonliklarning misli ko‘rilmagan kuchayishi, tinch aholining majburiy ko‘chirilishi va fuqarolik infratuzilmasining keng miqyosda vayron bo‘lishidan jiddiy xavotirimizni yana bir bor bildiramiz. Biz G‘azo sektorida keng qamrovli va doimiy o‘t ochishni to‘xtatishni zudlik bilan amalga oshirish, har ikki tomonning barcha garovga olingan va noqonuniy asirda ushlab turilgan mahbuslarni hech qanday shartlarsiz zudlik bilan ozod qilish va G‘azo sektoriga gumanitar yordamni to‘siqsiz, barqaror va keng miqyosda yetkazib berish, shuningdek, har qanday tajovuzkor harakatlarni to‘xtatish zarurligini ta’kidlaymiz”, deyiladi BRICS yakuniy deklaratsiyasida.
BRICS davlatlari 1967 yil iyun oyidagi xalqaro tan olingan chegaralarga mos keladigan, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan, Isroil bilan tinchlik va xavfsizlikda yonma-yon yashaydigan suveren mustaqil va hayotga qodir Falastin davlatini barpo etishni nazarda tutadigan xalqaro huquq, shu jumladan BMT Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyalari va Arab Tinchligi asosidagi ikki davlat yechimiga qat’iy sodiqlik kontekstida BMTning to‘laqonli a’zosi sifatida qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqladi. Bundan tashqari, BRICS mamlakatlari Janubiy Livandagi vaziyatdan xavotir bildirdi.
“Biz Isroilning Livandagi turarjoy hududlariga uyushtirgan hujumlari oqibatida tinch aholining o‘limi va fuqarolik infratuzilmasiga yetkazilgan katta zararni qoralaymiz va harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz. Biz Livan suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlab qolish va Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun siyosiy-diplomatik yechim uchun shart-sharoit yaratish zarurligini ta’kidlaymiz, shu bilan birga BMT Xavfsizlik Kengashining 1701 (2006) va 2749 (2024) rezolyutsiyalariga qat’iy rioya qilish muhimligini ta’kidlaymiz. Biz BMT xodimlariga qilingan hujumlarni va ularning xavfsizligiga tahdidlarni keskin qoralaymiz va Isroilni bunday harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz”, deyiladi deklaratsiyada.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa kengaytirilgan doirada o‘tgan muhokamalarda Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish ekanini aytdi. U so‘zida, ayniqsa, bolalar o‘limiga e’tibor qaratdi.
“Yaqin Sharqdagi tobora keskinlashib borayotgan mojaro bizni ham tashvishga solmoqda. Bu mintaqa qo‘shni mamlakatlar va yirik davlatlarning bu mojaroga tortilishi bilan global inqirozning yirik o‘chog‘iga aylanib bormoqda.
Biz G‘azo va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi og‘riq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi”, dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, Mirziyoyev sammit ishtirokchilari e’tiborini Afg‘onistonga qaratib, yig‘ilganlarni Afg‘onistonni yakkalamasdan, uning xalqiga va “Tolibon” hukumatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinch qurilish va taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishda yordam ko‘rsatishga chaqirdi.
Rossiya rahbari Vladimir Putin esa BRICS don birjasini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.
“Bir qator BRICS davlatlari don, dukkakli va yog‘li o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha dunyodagi eng yirik davlatlar qatoriga kiradi. Shu munosabat bilan ular oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi alohida rolini hisobga olgan holda mahsulot va xomashyo uchun adolatli va prognoz qilinadigan narx ko‘rsatkichlarini shakllantirishga yordam beradigan BRICS don birjasini ochishni taklif qilishdi”, dedi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbusning amalga oshirilishi milliy bozorlarni salbiy tashqi aralashuvdan, chayqovchilikdan va oziq-ovqat mahsulotlarining sun’iy tanqisligini keltirib chiqarishga urinishlardan himoya qilishga yordam beradi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashar ekan, uni Ukrainada “adolatli tinchlik” o‘rnatishga chaqirdi.
“Bizga Ukrainada tinchlik kerak. Adolatli dunyo – BMT Nizomi, xalqaro huquq va Jahon tashkiloti Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasiga muvofiq bo‘ladi”, degan Guterrish.
Kiyev esa Guterrishni BRICS sammitida qatnashgani uchun keskin tanqid qildi.
“BMT Bosh kotibi Ukrainaning Shveysariyada bo‘lib o‘tgan birinchi Global tinchlik sammitiga taklifini rad etdi. Biroq u harbiy jinoyatchi Putinning Qozonga taklifini qabul qildi. Bu tinchlik ishini ilgari surmaydigan noto‘g‘ri tanlovdir. U faqat BMTning obro‘siga putur yetkazyapti”, deyiladi Ukraina TIV bayonotida.
Zelenskiy Guterrishdan juda qattiq arazlagan chog‘i BMT Bosh kotibining Ukrainaga rejalashtirgan tashrifiga rad javobini berdi.
Yevropa Ittifoqi ham BRICS sammitiga jim qarab turgani yo‘q. Ittifoqqa ko‘ra, Putin o‘zining siyosiy maqsadlariga erishish uchun Qozondagi BRICS sammitini suiiste’mol qilgan. Xususan, u Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli G‘arb tomonidan kiritilgan sanksiyalarga qaramay, Rossiya tashqi siyosatda yakkalanib qolmaganligini ko‘rsatishga intiladi.
Sammit yakunida dunyoning 13 mamlakati – Turkiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Jazoir, Belarus, Boliviya, Kuba, Indoneziya, Malayziya, Nigeriya, Tailand, Uganda va Vetnam “BRICS hamkor davlatlari” maqomini oldi. Falastin Prezidenti Mahmud Abbos esa mamlakati BRICS guruhiga qo‘shilish istagi borligini tasdiqladi.
Darvoqe, BRICS sammitida ishtirok etish uchun Qozonga borgan Mirziyoyev Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixonov tomonidan “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
FETO yetakchisi Fathulloh Gulen AQSHda vafot etdi
Turkiyada terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan FETO yetakchisi Fathulloh Gulen joriy yilning 20 oktyabr kuni 83 yoshida AQSHning Pensilvaniya shtatidagi shifoxonada vafot etdi.
1999 yildan buyon AQSHda yashab kelayotgan Gulen Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi sifatida ko‘rilar edi. Turkiya hukumatiga ko‘ra, u 2016 yilning 15 iyul kuni sodir etilgan va 250 dan ortiq kishining o‘limiga, yana 2,2 ming kishining jarohatlanishiga olib kelgan davlat to‘ntarishiga urinishda aybdor.
2016 yilning 15 iyul kuni mamlakat xavfsizlik kuchlari, ichki ishlar, prokuratura, Milliy xavfsizlik xizmati, Kurolli Kuchlar, mudofaa tizimlariga o‘rnashib olgan Gulen tarafdorlari Erdo‘g‘an boshchiligidagi hukumatga qarshi to‘ntarishni amalga oshirib, Prezidentni hokimiyatdan ag‘darishni maqsad qilgan edi. To‘ntarishga urinishlar xalqning ko‘chalarga chiqib, mamlakat demokratiyasini himoya qilishi bilan bostirildi.
Ushbu voqeadan so‘ng Anqara AQSHdan Gulenni ekstraditsiya qilishni talab qildi. Shuningdek, Turkiya hukumati FETO tarafdorlarini oxirgi kishisigacha javobgarlikka tortmaguncha ularni ta’qib qilishini bildirdi.
Fathulloh Gulen 1970 yillarda Turkiyada paydo bo‘lgan – Turkiya hukumatiga ko‘ra, Fathulla terrorchi tashkiloti harakatiga (FETO) rahbarlik qilgan. Tashkilot o‘zini tinchliksevar va zamonaviy islomiy qarashlarni ilgari suruvchi harakat sifatida ko‘rsatgan. Harakatni siyosiy ta’sirga erishishga intilishda ayblangan. FETO tarkibiga ommaviy axborot vositalari, maktablar va xayriya tashkilotlari kiradi.
Fathulloh Gulen 1999 yildan beri AQSHda yashagan. U, shuningdek, ilohiyot va pedagogika bo‘yicha ilmiy asarlar muallifi sifatida tanilgan. 2013 yilda “Time” jurnalining dunyoning 100 ta eng nufuzli shaxslari ro‘yxatiga kirgan.
Turkiya hukumati 2016 yildan keyin o‘zi bilan yaxshi hamkorlik qilib kelayotgan mamlakatlarda Fathulloh Gulenga tegishli turk maktablari, litsey va universitetlarini yopishga erishdi. Bunga misol tariqasida Qirg‘izistonni keltirish mumkin. O‘zbekiston esa Gulen faoliyatidagi qing‘irliklarni birinchi bo‘lib, hatto, Turkiyadan 17 avval payqagan va 1999 yildayoq unga oid ta’lim muassasalariga taqiq qo‘ygan, Turkiyadagi o‘zbekistonlik talabalarni esa chaqirib olgan.
Turkiyada terakt sodir bo‘ldi
Tugayotgan haftaning 23 oktyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Tataristonning Qozon shahriga borib yetmasidan Turkiyaning poytaxti Anqaraning Qahramonqozon tumanidagi Turk aerokosmik kompaniyasi binosiga terror hujumi uyushtirildi.
Dastlab kompaniya atrofida otishma va portlash ovozlari eshitilgan. Qurollangan ikki shaxs – bir erkak va bir ayol ichkariga kirgan va zavod xodimlarini o‘qqa tutgan, ko‘plab xodimlarni asirga olgan. Voqea joyini esa zudlik bilan turk xavfsizlik xizmatlari o‘rab olib, ikki terrorchini yo‘q qilgan.
Terakt oqibatida 5 kishi qurbon bo‘ldi, 22 kishi jarohatlandi. Qurbonlar orasida esa muhandis ayol Zohida Guchlu ham bor va turkiyalik hamkasblarimizning u haqida aytganlari meni e’tiborimni tortdi.
Endigina 36 yoshga kirgan Zohida shu kunlarda 6 yashar qizchasining saratondan davo topganidan sevinib, uni bag‘riga bosishiga oz qolgandi. Qolaversa, terakt sodir etilgan kuni uning turmush qurgan kuni edi. Shu munosabat bilan turmush o‘rtog‘i unga gullar yubordi. Xavfsizlik xizmati esa gullarni ichkariga kiritmadi, Zohidadan ularni tashqariga chiqib olishini so‘radi. Gullar kiritilmagan binoga qurollangan terroristlar emin-erkin kirib bordi va maqsadiga yetdi.
Rasmiy Anqaraning ma’lum qilishicha, terrorchilik akti dunyoning ko‘plab mamlakatlarida terrorchi tashkilot sifatida tan olingan PKK, “Kurdiston ishchilar partiyasi” terror tashkiloti tomonidan amalga oshirilgan.
Xo‘sh, nega aynan Turkiya aerokosmik sanoati kompaniyasi. Ushbu kompaniya 1973 yilda tashkil etilgan, Turkiyaning aerokosmik sohasida juda muhim sanaladi. Unda samolyot, vertolyot, dronlar hamda tijoriy foydalanish va harbiy ehtiyojlar uchun kosmik sun’iy yo‘ldosh vositalari ishlab chiqariladi. 5-avlod KAAN qiruvchi samolyoti aynan shu zavod muallifligida tayyorlanadi. Turkiya tomonidan Suriya va Iroq shimolidagi terroristlar, xususan PKK terroristlari ham aynan shu zavod qurollari bilan o‘qqa tutilgan.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa voqeaga shunday munosabat bildirdi:
“Hamma bilishi kerakki, Turkiyaga cho‘zilgan kir qo‘llar, albatta, sinadi. Hech bir tuzilma, hech bir terror tashkiloti, o‘z maqsadlariga erisha olmaydi.
Har xil terror tahdidlari va ularni qo‘llab-quvvatlovchilarga qarshi qat’iyat bilan kurashishda davom etamiz. Xoin terrorchilik harakatida shahid bo‘lgan birodarlarimizga Allohdan rahmat, yaradorlarimizga shifo tilayman”, degan Erdo‘g‘an.
Anqarada yuz bergan teraktdan keyin Turkiyaning barcha aeroportlarida xavf darajasi to‘q sariqqa ko‘tarildi. Mahalliy nashrlarning yozishicha, bu terroristik guruhlarning aeroportlarda teraktlar uyushtirish rejalari bilan bog‘liq.
Qayd etilishicha, aeroport hududiga kirayotgan avtomobillar sinchkovlik bilan tekshirilmoqda. Shuningdek, xavfsizlik xodimlari yo‘lovchilarning hujjatlarini ham ko‘zdan kechiryapti.
Sabiha Go‘kchen nomli Istanbul xalqaro aeroporti esa yo‘lovchilarga aeroportdagi qo‘shimcha tekshiruvlar haqida ogohlantirib, jo‘nashdan kamida uch soat oldin yetib kelishni tavsiya qilmoqda.
Aeroportlardan tashqari, butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Shu bois O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqib, jamoat joylarida xushyorlikni oshirish va ehtiyot choralarini ko‘rish, ayniqsa aeroport, temiryo‘l vokzali, avtoshohbekat, kemalar stansiyalarida, metro va boshqa jamoat transportida xavfsizlik qoidalariga amal qilishlarini so‘radi.
Turkiyada o‘quvchi do‘stini otib o‘ldirdi
Yana Turkiyadan uzoqlashmaymiz. Mamlakatning Karaman shahridagi Haqqi Teke sport litseyining 11-sinf o‘quvchisi sport zalida do‘stini qurol bilan otib o‘ldirdi. Voqea tugayotgan haftaning 25 oktyabr kuni sodir bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, maktab sport zalida 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida noma’lum sababga ko‘ra janjal kelib chiqqan. O‘zaro janjal mushtlashuvga aylanganida, o‘quvchi o‘zi bilan bo‘lgan qurolni chiqarib, sinfdoshiga qarata o‘q uzgan. Yaralangan bolaga zudlik bilan yordam ko‘rsatilishiga qaramay, u shifoxonada vafot etgan.
Qurollangan o‘quvchi qamoqqa olingan. Voqea yuzasidan tergov davom etmoqda.
Tekshiruvlar natijasida aybdor o‘quvchining o‘zi bilan olib kelgan quroli Antalya politsiya boshqarmasida ishlagan va ta’tilda bo‘lgan amakisining xizmat quroli ekani aniqlangan. So‘ngra uning amakisi ham ko‘rsatma olish uchun politsiya bo‘limiga olib kelingan.
Mironov urushga borishdan bosh tortgan o‘zbekistonliklarga viza rejimini joriy qilishni taklif qildi
Rossiyalik siyosatchilarning O‘zbekistonga nisbatan dag‘dag‘alari, sizlarni biz boqayapmiz, degan iddaolari, migrantlar Rossiyani o‘z vatanidek ko‘rishi haqidagi talablari kundan kunga ortib bormoqda. Navbatdagi dag‘dag‘a “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” partiyasi raisi Sergey Mironovdan bo‘ldi.
Xabaringiz bor, o‘tgan hafta Rossiyaning Qozon shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulligi migrantlarga ogohlantirish bilan chiqib, yana bir bor xorijiy davlatlar hududida jinoiy javobgarlik belgilangan harbiy harakatlarda ishtirok etishdan ogohlantirgandi. Ushbu ogohlantirish Mironovga yoqmadi. Nima emish, urushga borishdan bosh tortgan o‘zbekistonliklarga viza rejimini joriy qilish kerakmish.
“O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulligi o‘zbekistonliklarni Rossiya armiyasi saflariga qo‘shilmaslikka chorladi. Nega boshqa imkoniyatlardan foydalanmaslikka chorlamadi? Shunda boshqa imtiyozlardan foydalanmaslik kerakmi? Sizni boqayotgan mamlakatni himoya qila olmaysizmi? Tushunarli, demak, viza rejimini joriy qilishimiz kerak. Viza rejimi bilan hammasi hal bo‘ladi! Bunday “fuqarolar” (migrantlar) bizga kerak emas”, degan Mironov.
Rossiya uchun rossiyaliklarning o‘zi urushga borishdan bosh tortayotgan, yoshlar Mironov kabi eski avlod vakillarining buyuk g‘oyalariga ishonmay, mamlakatni tark etayotgan, davlat o‘zi g‘oyalariga o‘z xalqini ishontirolmayotgan bo‘lsa, ayb migrantlardami? Hamma migrantlar Rossiyani tashlab chiqib ketsa, kim ishlaydi? Boshqa tarafdan nega Rossiya uchun urushga migrantlar borishi kerak?
Bunday savollarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov ham ko‘tardi.
“O‘zbeklar barakali xalq, haqqini mehnat qilib topadi, odam o‘ldirib emas. Rossiyani esa Mironovning o‘zi, o‘g‘illari, kuyovlari, nevaralari himoya qilishi kerak. Bilishimcha, ruslar ham vatanni himoya qilishni o‘zbeklardek muqaddas burch deb hisoblaydilar?” dedi Qodirov.
Sobiq deputat Rasul Kusherboyevning fikricha, yuqori martabali siyosatchining bu gaplari Rossiya tomoni O‘zbekiston bilan aloqalarni buzish uchun bahona qidirayotganini aks ettiradi.
“Agar O‘zbekiston o‘z hududida ishlayotgan rus fuqarolarini O‘zbekiston manfaati uchun qayergadir urushga jo‘natganida Rossiya diplomatik vakolatxonalari indamay turisharmidi? Keyin O‘zbekistonda ham qarshi tomonga nisbatan xuddi shunday viza rejimi joriy etish imkoniyati borligini unutmaslik kerak. Menimcha, O‘zbekiston uchun nomaqbul shaxslar ro‘yxatiga Zaxarovadan so‘ng kim kiritilishi kerakligi ko‘pchilikka tushunarli bo‘lgan bo‘lsa kerak”, dedi Rasul Kusherboyev.
Mironov kichkina odam emas. Butun boshli partiya raisi. Kerak bo‘lsa viza haqida aytganlarini qonunchilik taklifi sifatida ham taqdim etish ehtimoli va imkoniyati bor shaxs. Shunga qaramay, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Mironovning aytganlarini jiddiy olmadimi yo biz bilmagan boshqa bir sabab bormi, bu dag‘dag‘alarga javob qaytargani yo‘q.
Boshqa tomondan Rossiyada migrantlarga nisbatan bosimlar yanada kuchayib bormoqda. Endilikda Rossiyadagi migrant oilalarning bolalari nogironligi bor shaxslarga tenglashtirilyapti. Rossiyaning Sverdlovsk viloyatidagi bola huquqlari bo‘yicha vakil Igor Morokov OTB telekanalining “Aksent” dasturda maktablarda tahsil olayotgan migrant oilalarning farzandlariga nogiron sifatida qarash kerakligini aytdi.
U Rossiya maktablarida o‘qiyotgan, ammo rus tilini bilmaydigan o‘quvchilarning mavjudligi bilan bog‘liq muammoga shu tariqa “yechim” borligini aytgan. Ombudsman bu o‘quvchilar soni kam bo‘lgan sinflarni tashkil etish va o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq to‘lash imkonini berishini bildirgan.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil bu migrantlarning farzandlarini alohida, kichikroq sinflarda tilni chuqurroq o‘rganish bilan o‘qitish imkonini berishini ta’kidlagan. Morokov Yekaterinburgda “bu toifadagi o‘quvchilar soni ancha ko‘p bo‘lgan” ikkita maktab borligini aytib, 149-sonli maktabni misol qilib keltirdi. U o‘quvchilarning 90 foizi “migrant bolalar” ekanini aytgan.
Migrantlarga nisbatan nafratni aks ettiruvchi munosabatlar faqat bu bilan tugayotgani yo‘q. Bu hafta Tver viloyati migrantlar yashaydigan yotoqxona yoqib yuborildi.
Erkak xonaga benzin sepib, uni yoqib yuborgan. Yong‘indan qochgan fuqarolardan biri ikkinchi qavat derazasidan sakrab tushib, jarohat olgan. Yong‘in oqibatida xona vayron bo‘lgan, yotoqxona yo‘lagi shikastlangan. Gumonlanuvchi qo‘lga olingan va vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. U bu ishni moddiy manfaatdorlik evaziga qilganini tan olgan.
Unga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 167-moddasi (Mulkni qasddan yo‘q qilish yoki shikastlash) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddaga asosan erkak besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Rossiyada 15 yoshli o‘zbekistonlik o‘smir 42 yoshli hamyurtini pichoqladi
Rossiyada yurgan migrantlarimizning o‘zi ham juda avliyo emas. Sharmanda qilib, butun millat nomiga dog‘ tushirayotganlar chandon topiladi.
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘zbekistonlik 15 yoshli o‘smir 42 yoshli hamyurtini pichoqladi. Hodisa joriy yilning 19 oktyabr kuni sodir bo‘lgan esa-da, uning isi shu haftada chiqdi.
Yosh yigit rashk tufayli 42 yoshli O‘zbekiston fuqarosini pichoq bilan yaralagan. Jabrlanuvchi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Politsiya xodimlari 20 oktyabr kuni gumonlanuvchini qo‘lga olgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jarohatlangan erkak yosh hamyurti, aytilishicha, xotinining o‘g‘li bilan til topisha olmagan. Bola esa pichoq bilan hujum qilgan.
Rossiya Ichki ishlar vazirligining Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasining xabar berishicha, yigitcha qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda gumon qilinib, vaqtinchalik saqlash izolyatoriga jo‘natilgan.
Yana bir holatda esa Rossiyada 24 yoshli o‘zbekistonlik enaga 6 oylik chaqaloqning o‘limida ayblanmoqda. Lekin bu baxtsiz hodisa, qasddan qilingan jinoyat emas. Voqea joriy yilning 15 oktyabr kuni Sankt-Peterburg shahrida sodir bo‘lgan.
Ota-ona olti oylik chaqalog‘ini enaga qaramog‘iga tashlab ketgan. Qiz bolani cho‘miltirayotganda bola uning qo‘lidan tushib ketgan va boshini vannaga urgan. Avvaliga enaga bolaning isitmasi borligini aytib, unga dori bergan. Shundan so‘ng chaqaloq talvasaga tusha boshlagan va hushini yo‘qotgan. Enaga tez yordam chaqirgan, ammo shifokorlar klinik o‘lim holatida shifoxonaga yotqizilgan bolani saqlab qola olmagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fojiaga bosh va bosh suyagining to‘mtoq jarohati sabab bo‘lgan.
Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda, ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Rossiyalik jurnalist Toshkentdagi mehmonxonada o‘lik holda topildi
Rus tilidagi “Lenta” nashri va “Profil” jurnalida faoliyat yuritgan rossiyalik jurnalist 1977 yilda tug‘ilgan Inessa Papernaya shu hafta Toshkent shahridagi mehmonxonalardan birida o‘lik holda topildi.
Jurnalist O‘zbekistonga dam olish uchun kelgan. U hamrohi bilan “Karaman Palace” mehmonxonasiga joylashgan.
20 oktyabr kuni kechqurun Inessaga pochta jo‘natmasi kelgan. Mehmonxona xodimlari eshikni taqillatsa ham hech kim javob bermagach, xonani ochishga qaror qilingan. Eshik ochilib, xonaga kirilganda ichkarida ikkita jasad – Papernaya va uning do‘sti 1979 yilda tug‘ilgan Maksim Radchenkoning jonsiz tanasi topilgan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, marhumlar ventilyatsiya tizimiga kirib qolgan gazdan zaharlangan. 20 oktyabrga o‘tar kechasi mehmonxonada hovuz tozalangan – chamasi, gaz quvurdan ko‘tarilib, Papernayaning xonasiga kirib qolgan.
Hodisa yuz berganidan so‘ng “Karaman Palace” mehmonxonasi muhrlangan, hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov holatni tasdiqladi.
Bundan tashqari, ushbu mehmonxonadagi boshqa xonaning yuvinish xonasidan O‘zbekiston fuqarosi 1976 yilda tug‘ilgan shaxsning ham vafot etgani aniqlangan.
Dastlabki sud-tibbiy ekspertizasi tashxisiga ko‘ra, marhumlarning o‘limi noma’lum etiologiyali zaharlanishdan kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Gaz portlashi oqibatida bir oilaning 4 nafar a’zosi halok bo‘ldi
Har bahorda shu bo‘lar takror deganlaridek, sovuq tushdi deguncha O‘zbekistonda iz gazidan zaharlanib yoki gaz chaqnashi oqibatida vafot etish holatlari ortadi. Galdagi holat Samarqandda sodir bo‘ldi va bu galgi holat is gazi bilan emas, balki tabiiy gaz bilan bog‘liq. Viloyatning Qo‘shrabot tumanidagi uylardan birida gaz portlashi oqibatida bir oilaning 4 nafar a’zosi halok bo‘ldi.
Hodisa Qo‘shrabot tumani G‘afur G‘ulom ko‘chasi 7-uy 6-xonadonda ro‘y bergan. Ushbu xonadonda yashagan bir oilaning 4 a’zosi tabiiy gazdan zaharlanish va uyda kelib chiqqan yong‘in oqibatida kuyish tan jarohatlari bilan vafot etgan.
Tuman prokuraturasi tomonidan vafot etgan shaxslarning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Hozirda holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu holat ortidan tuman gaz ta’minoti bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207- (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 259- (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Zokirjon Almatov taqdirlandi
Sobiq ichki ishlar vaziri, 2018 yildan e’tiboran Ichki ishlar vaziri maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Zokirjon Almatovich Almatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Zokirjon Almatov 1949 yilning 10 oktyabr kuni tavallud topgan. Joriy yil u 75 yoshni qarshiladi.
1991 yilning 16 sentyabr kuni Ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlangan Zokirjon Almatov ushbu kursini 2006 yilgacha, 15 yil davomida egallab keldi. 1992 yilda general-moyor, 1996 yilda general-leytenant, 1999 yilda general-polkovnik harbiy unvonlari bilan taqdirlandi.
2005 yilning may oyida sodir bo‘lgan Andijon voqealaridan keyin Zokir Almatovning salomatligida muammolar kuzatiladi. Shifokorlar bir muddat tanaffus qilish kerakligi, xastalikning oldini olish uchun operatsiya zarurligini aytadi. Shu bois Zokirjon Almatov 2005 yilda o‘z xohishiga binoan iste’foga chiqadi. 1999 yil voqealarida ko‘rsatgan qahramonligi uchun “Shon sharaf” ordeni bilan mukofotlangan Almatov, 2006 yil iste’foga ketish oldidan “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanadi.
U 12 yil Ichki ishlar vazirligi tizimidan ayri hayot kechirdi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bo‘lgach, 2018 yildan e’tiboran Zokirjon Almatov Ichki ishlar vaziri maslahatchisi o‘laroq sohaga qaytdi.
Putin Shimoliy Koreya askarlari Rossiya uchun urushga kirayotganini tasdiqladi
Ayni vaqtda butun xalqaro hamjamiyat Shimoliy Koreya Ukrainaga harbiylarini yuborganini muhokama qilayotgan va KXDRning o‘zi buni butkul rad etayotgan paytda, kutilmaganda, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya askarlari Rossiya uchun urushga kirayotganini tasdiqladi.
Putin BRICS sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida mamlakatda Shimoliy Koreya qo‘shinlari borligini aks ettiradigan sun’iy yo‘ldosh suratlari haqidagi savolga javob berib, ularni “jiddiy narsa” deb atadi.
“Suratlar – bu jiddiy narsa. Agar suratlar bo‘lsa, ular nimanidir aks ettiradi”, dedi Putin.
U, shuningdek, NATO harbiylari allaqachon to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukraina mojarosida ishtirok etayotganini ham qistirib o‘tdi.
Shimoliy Koreya o‘z askarlarini Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiyaga jo‘natgani haqidagi xabarlarni rad etib, bunday ma’lumotni “asossiz mish-mishlar” deb atashda davom etmoqda.
Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi 24 oktyabr kuni KXDRdan avvalroq Rossiya poligonlarida tayyorgarlikdan o‘tgan birinchi harbiy qismlar Kursk viloyatiga yetib kelganini xabar qildi. Ukraina razvedka xizmatlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning 12 mingga yaqin harbiy xizmatchisi, jumladan, 500 ofitser va uchta general Rossiyaga o‘tkazilgan. Ularni tayyorlash va moslashtirish uchun Rossiya Mudofaa vaziri o‘rinbosari Yunus-Bek Evkurov mas’ul etib tayinlangan.
NATO Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Rossiyaga o‘tkazilishi haqidagi ma’lumotlarni tasdiqladi. Shuningdek, 23 oktyabr kuni Shimoliy Koreya qo‘shinlari Rossiya hududida mavjudligini AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham tasdiqlagan.
“Bizda Shimoliy Koreya askarlari... Rossiyaga ketgani haqida dalillar bor. Ular u yerda aniq nima qilishayotganini vaqt ko‘rsatadi. Agar ular bu urushda Rossiya tomonida qatnashmoqchi bo‘lsa, bu juda jiddiy muammo. Va bu nafaqat Yevropa uchun oqibatlarga olib keladi. Bu Hind-Tinch okeani mintaqasidagi vaziyatga ham ta’sir qiladi”, dedi Pentagon rahbari.
Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati esa KXDRdan hozirgacha Ukrainaga qarshi urushda uni qo‘llab-quvvatlash uchun Rossiyaga 3000 ga yaqin askar yuborilgani haqida xabar berdi. Qayd etilishicha, dekabr oyigacha Pxenyan ushbu maqsadlar uchun Rossiyaga jami 10 ming askar yuborishni rejalashtirmoqda.
24 oktyabr kuni Rossiya Davlat Dumasi mamlakat Prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In o‘rtasida joriy yilning iyun oyida Pxenyanda imzolangan ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik hamkorlik shartnomasini bir ovozdan ratifikatsiya qildi. Hujjat de-fakto harbiy ittifoqni anglatadi. Xususan, ushbu kelishuvning 4-moddasida agar tomonlardan biri bir yoki bir nechta davlatning qurolli hujumi tufayli urush holatiga tushib qolsa, ikkinchisi zudlik bilan unga mavjud barcha vositalari bilan harbiy yordam ko‘rsatishi belgilangan.