O‘zbekistondagi 3 ta OTM dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingiga kirdi
Jamiyat
−
23 yanvar
8063O‘zbekistonning uchta oliy ta’lim muassasasi Britaniyaning “Times Higher Education” tashkiloti talqiniga ko‘ra, ilk bor dunyoning eng nufuzli universitetlari ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Reytingda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti Tabiiy fanlar, matematika va statistika yo‘nalishida 301–400, Muhandislik yo‘nalishida 501–600 o‘rinlar oralig‘ida qayd etilgan.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti esa Tabiiy fanlar, matematika va statistika yo‘nalishida 601–800 o‘rinlar oralig‘ida o‘z o‘rnini topgan. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Ta’lim yo‘nalishida 601+, Kompyuter ilmlari va dasturlash texnologiyalari yo‘nalishida 1001+ o‘rinni egallagan.
“Bu yutuqlar so‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimi, jumladan muhandislik, aniq va tabiiy fanlarga berilayotgan e’tibor samarasi o‘laroq nafaqat yurtimiz balki xalqaro darajada tan olinayotganidan dalolatdir", deyiladi xabarda.
Dunyodagi eng nufuzli tabiiy fanlar universitetlari ro‘yxatida Kaliforniya universiteti, Garvard, Stenford va Massachusets texnologiya instituti yetakchilik qilmoqda. Eng yaxshi IT universitetlar reytingida Oksford, Kembrij va Massachusets texnologiya instituti e’tirof etilgan.
Ma’lumot uchun, “Times Higher Education” reytingi 11 toifani qamrab oladi. Tashkilot ekspertlari universitetlarni o‘qitish sifati, talabalar va bitiruvchilarning istiqbollari va boshqa parametrlar asosida baholaydi.
LiveBarchasi