BMT issiqxona gazlarining halokatli oqibatlaridan ogohlantirdi
Olam
−
26 Oktabr
3213Dunyo mamlakatlari birgalikda 2030 yilgacha issiqxona gazlari emissiyasini 42 foizga va 2035 yilgacha 57 foizga kamaytirish majburiyatini olishlari kerak. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit bo‘yicha dasturiga (UNEP) tayanib, UN News xabar berdi.
Aks holda, bir necha yildan so‘ng Parij kelishuvining global harorat ko‘tarilishini selsiy bo‘yicha 1,5 darajagacha ushlab turish maqsadi sarobga aylanadi. UNEP hisobotida ta’kidlanishicha, davlatlar 2025 yilda Braziliyada bo‘lib o‘tadigan 30-Iqlim konferensiyasi (COP30) oldidan emissiyalarni kamaytirish bo‘yicha Milliy aniqlangan hissalar (NDC) ning navbatdagi bosqichida tegishli majburiyatlarni olishlari kerak.
Iqlim bo‘yicha Parij kelishuviga ko‘ra, global haroratning oshishi – zararli chiqindilarni kamaytirish orqali -1,5 daraja selsiyda saqlanishi kerak, aks holda iqlim o‘zgarishining oqibatlari insoniyat uchun halokatli bo‘ladi.
“Rekord emissiya degani yirtqich dovullarni keltirib chiqaradigan dengiz haroratining haddan tashqari darajada ekanligini anglatadi. Rekord issiqlik o‘rmonlarni chang bochkalariga, shaharlarni esa saunaga aylantirmoqda”, degan UNEP Ijrochi direktori Inger Andersen.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar mamlakatlar NDC bo‘yicha yuqori maqsadlarni qo‘yib, ularni zudlik bilan amalga oshirmasa, bu asr davomida global harorat selsiy bo‘yicha 2,6-3,1 darajaga ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, bu odamlar, iqtisodiyot va sayyora uchun halokatli oqibatlarga olib keladi. Bundan tashqari, haroratning bunday o‘sishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ssenariylarning ehtimoli 66 foizni tashkil qiladi.
“Global harorat 1,5 darajadan oshib ketsa ham buning sodir bo‘lish ehtimoli kundan-kunga oshib bormoqda. Biz chiqindilarni nolga tenglashtiradigan dunyoga intilishda davom etishimiz kerak. Bir darajaning har bir qismi saqlanib qolgan hayot, himoyalangan iqtisodiyot, zararning oldini olish, biologik xilma-xillikni saqlab qolish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega”, degan UNEP Ijrochi direktori Andersen.
Hisobot shuni ko‘rsatadiki, insoniyat 2030 yilga borib chiqindilarni 50 foizdan ko‘proq qisqartirish imkoniyatiga ega, ammo bu juda katta sa’y-harakatlarni talab qiladi.
Quyosh fotoelektr texnologiyalari va shamol energetikasini kengroq joriy qilish 2030 yilga kelib umumiy pasayish salohiyatining 27 foizini va 2035 yilga kelib 38 foizini tashkil qilishi mumkin. O‘rmonlarni muhofaza qilish va tiklash bo‘yicha tadbirlar ushbu salohiyatning taxminan 20 foizini ta’minlashi mumkin. Qurilish, transport va sanoatda ham muqobil yoqilg‘iga o‘tish talab etiladi. Bu potensial 2030 yilga borib qayta tiklanadigan energiya quvvatini uch baravar oshirish, 2030 yilga kelib energiya samaradorligini oshirishning o‘rtacha yillik sur’atini ikki baravar oshirish, qazib olinadigan yoqilg‘idan voz kechish, ekotizimlarni saqlash va tiklash bo‘yicha COP28 maqsadlariga erishish qobiliyatini namoyish etadi. Biroq bu potensialning hatto bir qismini amalga oshirish uchun ham misli ko‘rilmagan xalqaro safarbarlik talab etiladi.
Shunday qilib, sof nol emissiyaga erishish global moliyaviy arxitekturani isloh qilish, xususiy sektorning hal qiluvchi harakatlari va xalqaro hamkorlik bilan qo‘llab-quvvatlanadigan yumshatish choralariga investitsiyalarni kamida olti barobar oshirishni talab qiladi.
Ushbu maqsadlar uchun qo‘shimcha investitsiyalar 2021 yildan 2050 yilgacha yiliga 0,9-2,1 trillion dollar miqdorida baholanmoqda. UNEP ta’kidlaydiki, bu investitsiyalar iqlim o‘zgarishi va havo ifloslanishi oqibatlari, jumladan, atrof-muhitga yetkazilgan zarar va inson salomatligiga ta’siri bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish shaklida daromad keltiradi. Taqqoslash uchun, jahon iqtisodiyoti va moliyaviy bozorlar yiliga 110 trillion dollarni tashkil qiladi.
Emissiyalarning asosiy qismini tashkil etuvchi G20 davlatlari iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda asosiy ishlarni bajarishi kerak. Biroq, bu guruh hali ham amaldagi NDClar doirasida o‘z majburiyatlarini bajarishda rejadan ortda qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Glazgoda o‘tkazilgan Iqlim bo‘yicha xalqaro sammitda O‘zbekiston 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulotga nisbatan issiqxona gazlari ulushini 35 foizga kamaytirish tashabbusini ilgari surgandi.
LiveBarchasi