Eron Isroilning zarbasiga javob berishga majbur – Eron TIV
Olam
−
26 Oktabr
12558Isroil tomonidan Eronning bir nechta harbiy markazlariga qilingan hujum xalqaro huquq va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomini buzdi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
“Eron Islom Respublikasining vakolatli organlari tomonidan bir necha bor ta’kidlanganidek, Eron qonuniy huquqi asosida o‘zini tajovuz harakatlaridan himoya qilishga haqli va majburdir. Bu BMT Nizomining 51-moddasida ham aks ettirilgan”, deyiladi Eron TIV bayonotida.
Shuningdek, TIV Isroilning mintaqadagi noqonuniy harakatlarini davom ettirish “Qo‘shma Shtatlar va boshqa ba’zi G‘arb davlatlarining har tomonlama harbiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlashi soyasida” davom etayotganini aytdi. Bu Eron TIV tomonidan mintaqadagi keskinlik va beqarorlikning asosiy sababi sifatida ko‘rsatilgan.
Eron, shuningdek, G‘azo va Livanga qarshi genotsid, urush va tajovuzni to‘xtatish va Isroilga qarshi xalqaro hamjamiyatni zudlik bilan safarbar qilish zarurligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 26 oktyabr kuni Isroil kuchlari Eronga havo hujumi yo‘llagandi. Isroil Eronga tungi hujum paytida 100 dan ortiq raketa uchirgan. Hujum bevosita Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Yoav Galant nazorati ostida o‘tgan. Isroil Eron havo hujumidan mudofaa tizimlarini “ko‘r qilish” uchun Suriyadagi radarlarga dastlabki zarbalar bergan. Qo‘shma Shtatlar rasmiy Tehronni Isroil tomonidan amalga oshirilgan so‘nggi zarbalarga javob bermaslikka chaqirdi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr